Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

12

Endilikda maktablarda Huquq sinflari tashkil qilinadi


Endilikda maktablarda Huquq sinflari tashkil qilinadi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoniga muvofiq yuridik taʼlimning uzluksizligini taʼminlash hamda voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 27-avgust kunida "Davlat taʼlim muassasalarida yuridik taʼlimning uzluksiz tizimini joriy etish hamda voyaga yetmagan yoshlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi

Mazkur qarorga asosan, 2024/2025 oʻquv yilidan bosqichma-bosqich umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Davlat va huquq asoslari” fani chuqurlashtirib oʻqitiladigan variativ oʻquv rejalari asosida zamonaviy koʻrgazmali oʻqitish vositalari bilan taʼminlangan “Huquq sinflari” tashkil etiladi.

Shuningdek, umumtaʼlim muassasalari huquq fanidan dars beradigan oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlmagan pedagog xodimlarni bepul asosda 2026-yil yakunigacha bosqichma-bosqich yuridik mutaxassislik boʻyicha qayta tayyorlanadi.

Qarorga koʻra, huquq fanidan dars beradigan pedagog xodimlarning malakasini oshirib borish maqsadida 2024-yil 1-noyabrgacha uzluksiz kasbiy rivojlantirish platformasi yaratiladi.

Bundan tashqari, 2024/2025 oʻquv yilidan umumtaʼlim muassasalarida “Davlat va huquq asoslari” fanidan dars beradigan pedagog xodimlar uchun “Eng yaxshi huquq oʻqituvchisi” respublika koʻrik tanlovi oʻtkazilishi, “Huquq sinfi”ga oʻquvchilar “Davlat va huquq asoslari” faniga qiziquvchi 8-sinf oʻquvchilari orasidan saralab olinishi hamda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab “maktab-litsey-texnikum-universitet” uzluksiz taʼlim tizimi asosida akademik litseylarni muvaffaqiyatli tugatgan oʻquvchilar test sinovlarisiz toʻgʻridan-toʻgʻri yuridik texnikumlarga qabul qilinishi belgilandi.

Shuningdek, qaror bilan umumtaʼlim muassasalarining “Davlat va huquq asoslari” fani doirasidagi asosiy vazifalari etib:

-umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda, “Davlat va huquq asoslari” fani chuqurlashtirib oʻqitilishini tashkil etish;

-oʻquvchilarni “yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha variativ oʻquv rejalari asosida taʼlimning keyingi bosqichlarida samarali taʼlim olishga tayyorlash;

-nazariy tayyorgarlikning huquqni qoʻllash amaliyoti bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlashga qaratilgan mahorat va oʻquv darslarini oʻtkazish uchun yuridik amaliyot xodimlarini jalb qilish orqali darsdan tashqari mashgʻulotlarni samarali tashkil etish;

-oʻquvchilar “Davlat va huquq asoslari” fanini mukammal oʻzlashtirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish;

-har bir oʻquvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda, shu jumladan, shaxslararo muloqot, zarur huquqiy maʼlumotlarni tez qidirib topish va mustaqil tahlil qilish hamda bu borada oʻz munosabatini bildirish qobiliyatlarini rivojlantirish;

-yuqori kasb mahoratiga hamda professional tayyorgarlikka ega boʻlgan tajribali pedagog oʻqituvchilarni jalb qilish;

-oʻquvchilarni “Davlat va huquq asoslari” fanidan maktab, tuman (shahar), viloyat va respublika olimpiadalarida hamda boshqa tadbirlarda ishtirok etishga tayyorlash belgilandi.

 

Zangiota tumani adliya boʻlimi

Yuridik xizmat koʻrsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                              N. Anarqulova