Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

UY-JOY QURISH ORQALI O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN EGALLAB OLINGAN YER UCHASTKASIGA IJARA HUQUQI E’TIROF ETILADI


UY-JOY QURISH ORQALI O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN EGALLAB OLINGAN YER UCHASTKASIGA IJARA HUQUQI E’TIROF ETILADI

2024-yil 5-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘RQ-937-sonli qonuni qabul qilindi.

Qonunga ko‘ra, yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagi hajmgacha beriladi:

1). 1998-yil 1-iyulgacha egallangan bo‘lsa – 0,24 gektargacha;

2). 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda.

Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.

Huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, buning uchun Kadastr agentligi har yili reja-jadval tasdiqlaydi, unga asosan:

Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi;

10 ta vakolatli organ (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi;

tizimda shakllantirilgan elektron yig‘majild mahalla binolarida, Kadastr agentligi saytida hamda boshqa manbalarda e’lon qilinadi.

To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi.

Xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi (yerga – ijara huquqi, bino-inshootga – mulk huquqi).

         Yuqoridagi qonunga asosan, yer va binolarni qonuniylashtirish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi:

Toshkent shahrida – BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m);

Nukus shahri va viloyat markazlarida – BHMning 3 baravari (1,02 mln so‘m);

viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda – BHMning 2 baravari
(680 ming so‘m);

boshqa aholi punktlarida – BHMning 1 baravari (340 ming so‘m);

qolgan hollarda bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi.

Shuningdek, I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘lagan shaxslar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga 50 foiz chegirma beriladi.

 

Zangiota tuman adliya bo‘limi

yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti                                                Marifov Suxrob Fayzullo o‘g‘li