Янгиликлар
Milliy qonunchiligimiz biznes bilan shug‘ullanish uchun fuqarolarimizga juda ko‘plab imkoniyatlar taqdim etadi.
Milliy qonunchiligimiz biznes bilan shug‘ullanish uchun fuqarolarimizga juda ko‘plab imkoniyatlar taqdim etadi.
Shulardan bir yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritish hisoblanib, quyida ushbu faoliyatning bir qancha qulaylik jihatlarini yoritib o‘tamiz:
Birinchidan, yakka tartibdagi tadbirkorlikning aniq belgilangan faoliyat turlari — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 6-sonli qaroriga ko‘ra belgilab berilgan bo‘lib, ular 89 ta faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi.
Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyatini tekshirishdagi taqdim etilgan kafolatlar, ya’ni Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, YaTT tadbirkorlik faoliyatining subyekti hisoblanadi. Bu degani ushbu subyektning faoliyatini nazorat qiluvchi organlari tomonidan tekshirish uchun (Masalan, soliq organlari) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-374- sonli qarorida belgilangan talablarga asosan Biznes ombudusmandan ruhsat olish kerak. Ruhsat olmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar haqiqiy hisoblanmaydi hamda mansabdor shaxslarning javobgarligiga sabab bo‘ladi.
Uchinchidan, xodim yonlash huquqi mavjudligi, ya’ni — yakka tartibdagi tadbirkorlikni tashkil qilgan shaxs 5 nafargacha xodimni mehnat shartnomasini tuzgan holda ishga olishi mumkin. Bu holatni bir oila misolida oladigan bo‘lsak, oilaning 5 nafar a’zosi staj asosida qonuniy mehnat faoliyatini olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Faqatgina ular mehnat faoliyati davomida Mehnat kodeksining 512-moddasiga binoan ijtimoiy soliq to‘lagan bo‘lishlari kerak.
To‘rtinchidan, soddalashtirilgan tartibda mehnat shartnomasini bekor qilish bu YaTTning xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishi ham odatdagidan farq qiladi, ya’ni ish beruvchi bo‘lgan YaTT mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha buyruq chiqarmaydi. Mehnat kodeksining 511-moddasiga asosan, YaTT xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda xodimni soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq organining ro‘yxaidan chiqarib yuboradi hamda 3 kunlik muddat ichidan bu haqida xodimni xabardor qilishi lozimligi qayd etilgan.
Beshinchidan, faoliyatini to‘xtatib turgan davrdagi kafolatlar ham qonunchiligimizda mustahkamlangan bo‘lib, Mehnat kodeksining 511-moddasiga ko‘ra, YaTT faoliyati to‘xtatib turgan holatlarda xodimlarning o‘rtacha ish haqi ikki hafta mobaynida saqlanadi. Agar bu vaqt tugagandan keyin ham YaTT faoliyatini davom ettirmasa, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan miqdordagi kompensatsiya summasini to‘lagan holda mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin.
Oltinchidan, Soliq kodeksining 237-moddasiga ko‘ra, YaTTning bir yillik daromadlari 1 milliard so‘mdan oshgandan so‘nggina u qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘laydi. Shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tashkil qilingan YaTTlar uchun belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida soliq to‘lashi belgilab qo‘yilgan.
Yettinchidan, YaTT ham bir vaqtning o‘zida kichik tadbirkorlik subyekti hisoblangani bois, u ham davlat tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratiladigan imtiyozli subsidiyalar olish huquqiga ega.
Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bu kichik biznesga qiziqadigan va ortiqcha qog‘ozbozlikdan qochadigan insonlar uchun juda qulay tadbirkorlik faoliyatining shaklidir.
O`rta Chirchiq tumani yuridik xizmat ko`rsatish markazi boshlig`I Mirzayev Alisher Akromovich