Янгиликлар
Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi
Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-959-son, 10.09.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi
Unga ko‘ra, intellektual mulk ob’ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra:
Patent egasi o‘zining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki ob’ektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishi mumkin.
Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki ob’ektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda to‘lanadi.
Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.
Ilgari bunday normalar mavjud emas edi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Chinoz tumani adliya bo’limi
YUXKM boshlig’i R.Galiyev
17.09.2024 yil