Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tartibi to’g’risida


 

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tartibi to’g’risida

 

           Bizga ma’lumki, shahar va shaharchalar aholisining aksariyat qismi ko’p qavatli uylarda istiqomat qiladi. Xo’sh, ko’p qavatli uylar mulkdorlari qanday huquq va majburiyatlarga ega? Kundalik kelib chiqishi mumkin bo’lgan muammolar yechimi aslida kimning zimmasidagi vazifa?

Yuqoridagi holatlar asosan O’zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 6-avgustda qabul qilingan hamda senat tomonidan 2019-yil
11-oktabrda ma’qullangan “Ko’p kvartirali uylarni boshqarish to’g’risida”gi
O’RQ-581-son qonuni bilan tartibga solinadi. Mazkur qonun 5-moddasida ko‘p kvartirali uyga shunday ta’rif berilgan:— ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasiga yoxud bunday uydagi umumiy foydalaniladigan joylarga mustaqil chiqish yo‘laklariga ega bo‘lgan ikki va undan ortiq kvartiralar majmuidir.

Ko’p kvartirali uylarda umumiy mol mulklar bular- tayanch va to‘siq konstruksiyalar, kvartiralar oralig‘idagi ihotalangan (o‘rama) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yerto‘lalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylarning tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat ko‘rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskuna va qurilmalardir. Ushbu umumiy mulkdan mulkdorlar teng foydalanish huquqiga ega. Ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi. Ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining zimmasiga mazkur yer uchastkasining sanitariya holati va obodonlashtirilishi uchun javobgarlik yuklatiladi. Har bir ko‘p kvartirali uyning kadastr pasportida ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasi to‘g‘risida ma’lumotlar, shuningdek yer maydonining kadastr rejasi majburiy tartibda bo‘lishi shart. Ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasi bo‘linmasdir va mustaqil yer uchastkalariga ajratilishi mumkin emas.

Ko‘p kvartirali uyni boshqarish: bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan, yuridik shaxs bo‘lgan boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoki jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) bo‘lgan boshqaruvchi tomonidan hamda bitta yoki zich joylashgan bir nechta ko‘p kvartirali uyda turar joylarning va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning mulkdorlarini birlashtiruvchi uy-joy mulkdorlarining shirkati bo‘lgan notijorat tashkilotlar tomonidan ham boshqarilishi mumkin.

Davlat tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarini qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar: uy-joy-kommunal sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan standartlarni takomillashtirish; ko‘p kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etishda ko‘maklashish; kommunal xizmatlar haqini to‘lash tizimini takomillashtirish; uy-joy-kommunal sohasida xizmatlar ko‘rsatishda raqobatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish; soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek imtiyozli kreditlar berish; kam ta’minlangan oilalarga ko‘p kvartirali uylarni saqlash bo‘yicha yordam ko‘rsatish; ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi asosida berish; ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida kadrlar tayyorlashni va ularni qayta tayyorlashni amalga oshirish; ko‘p kvartirali uylardan foydalanishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha alohida dasturlar qabul qilish va boshqa choralar ko‘rishdan iboratdir.

Umumiy mol-mulkning ayrim qismlari joylarning mulkdorlariga yoki boshqa shaxslarga joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi qarorida belgilangan tartibda foydalanishga berilishi mumkin. Umumiy mol-mulkning ayrim qismlaridan faqat o‘z manfaatlari uchun foydalanuvchi joy mulkdori joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi qarorida belgilangan miqdorda umumiy mulkni saqlash uchun haq to‘lashi shart. Umumiy mol-mulk, agar uning boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun o‘tkazilishi boshqa mulkdorlarning o‘z mulk huquqlarini amalga oshirishini cheklaydigan bo‘lsa, boshqa shaxsga berilishi yoxud bir yoki bir nechta mulkdorga yoki boshqa shaxslarga foydalanish uchun o‘tkazilishi mumkin emas.

Shirkat joylar mulkdorlarining tashabbusiga ko‘ra tashkil etiladi va o‘z ustaviga muvofiq o‘zini o‘zi boshqarish asosida faoliyat ko‘rsatadi. Shirkatni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror har bir ko‘p kvartirali uydagi barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan ko‘pi hozir bo‘lgan joylar mulkdorlarining ta’sis yig‘ilishida qabul qilinadi. Ta’sis yig‘ilishi har bir ko‘p kvartirali uyning shirkatga birlashish istagida bo‘lgan joylar mulkdorlarining kamida o‘n foizi tashabbusiga ko‘ra chaqiriladi.

Shirkat - shirkat a’zolari umumiy yig‘ilishining qarorlari bajarilishini ta’minlashi, har yili umumiy mol-mulkni saqlash ishlari rejasini, shu jumladan ko‘p kvartirali har bir uy uchun alohida shunday rejani belgilashi va uning ijrosi to‘g‘risida hisobot tuzishi, umumiy mol-mulkdan foydalanish shartlari va tartibi belgilanayotganda barcha shirkat a’zolarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashi, ko‘p kvartirali uyning xavfsizligiga doir talablarga rioya etilishini ta’minlashi shart.

Shirkatni qayta tashkil etish qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish va ajratib chiqarish shaklida amalga oshirilishi mumkin.

Shirkatni qayta tashkil etish shirkat a’zolarining umumiy yig‘ilishi shirkat a’zolarining ellik foizdan ko‘proq ovozi bilan qabul qilgan qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Qayta tashkil etilayotgan shirkatning mol-mulkini ajratib chiqarish yoki bo‘lish shirkat a’zolarining shirkat mol-mulkini shakllantirishdagi ishtirokiga mutanosib tarzda amalga oshiriladi.

Shirkat qayta tashkil etilayotganda umumiy mol-mulkka taalluqli texnik va boshqa hujjatlarni qabul qilib olish-topshirish amalga oshiriladi.

 

Angren shahar Yuridik xizmat

ko’rsatish Markazi bosh yuristkonsulti:                  Aktamova Sitora O’tkir qizi