Янгиликлар
Yangi mehnat kodeksi ayollar mehnatini muhofaza qilish bo`yicha qanday kafolatlarni taqdim etadi?
Yangi mehnat kodeksi ayollar mehnatini muhofaza qilish bo`yicha qanday kafolatlarni taqdim etadi?
– Amaldagi Mehnat kodeksining 4-moddasiga asosan homilador ayollar yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar sifatida baholanib, ularga alohida g`amxo`rlik ko`rsatiladi. Bu esa qonundagi tenglik tamoyilini buzmaydi. Buni homilador ayollarga beriladigan kafolatlarni tahlil qilish orqali ko`rsatib beramiz.
Kafolatlarning dastlabkisi, ya’ni Mehnat kodeksining 119-moddasiga ko`ra, homiladorligi bilan bog`liq sabablarga ko`ra, ishga qabul qilmaslik ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish sanaladi. Bunga esa yo`l qo`yilmaydi. Ayolning homiladorligini bila turib, uni ishga olishdan g`ayriqonuniy ravishda bosh tortgan yoki ishdan bo`shatgan shaxslar Jinoyat kodeksining 148-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Homilador ayol ishga qabul qilinganda, unga dastlabki sinov belgilanmaydi (Mehnat kodeksi 129-moddasi). Shu bilan bir qatorda, Mehnat kodeksining 142-moddasida homilador ayolning tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’sirini istisno etadigan boshqa ishga o`tkazilishi belgilab qo`yilgan.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 186-moddasiga asosan, ish beruvchi ushbu kodeksning 398-moddasiga muvofiq homilador ayolning iltimosiga ko`ra, tibbiy xulosaga binoan to`liqsiz ish kunini belgilashi shart. Buning mohiyati shundan iboratki, agar homilador ayol normal ish vaqti haftasiga 40 soatdan kamroq ishlashni xohlasa, unga to`liqsiz ish vaqt haftasiga 30, 20 yoki boshqa ish vaqti soatlari belgilab beriladi. Bu ko`pchilik yaxshi tushunadigan, xalq tilidagi “yarim”, «0,75 stavka” kabi jumlalarning qonunchilikdagi ifodasi sanaladi.
Mehnat kodeksining 202-moddasiga asosan, homilador ayollarga ishdan bo`sh bo`linadigan kunlar beriladi. Xodimga dam olish uchun emas, balki boshqa maqsadlarda beriladigan, xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etish davrlari dam olish vaqtiga kirmaydi.
Masalan, ushbu kodeksning 403-moddasiga asosan, ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida antenatal (tug`ruqqacha) parvarishlash (perinatal skrining va tashxis, majburiy tibbiy ko`riklar va boshqa majburiy tibbiy muolajalar) uchun o`rtacha ish haqi saqlangan holda qo`shimcha bo`sh kunlar berishi shart. Mazkur imtiyoz yangi kafolat sanalib, eski Mehnat kodeksida mavjud emas edi.
Angren shahar Yuridik xizmat
ko’rsatish Markazi bosh yuristkonsulti: Aktamova Sitora O’tkir qizi