Янгиликлар
Ayollar mehnatini muhofaza qilish bo`yicha mavjud kafolatlar
Ayollar mehnatini muhofaza qilish bo`yicha mavjud kafolatlar
Bizga ma’lumki, birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan olti oy o`tganidan keyin yuzaga keladi. Biroq Mehnat kodeksining 227-moddasiga asosan, homilador ayollar bundan mustasno. Olti oy o`tguniga qadar ayollarning xohishiga ko`ra ularga – homiladorlik va tug`ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin har yilgi mehnat ta’tili beriladi.
Ushbu kodeksning 229-moddasiga asosan, xodimlar homiladorlik va tug`ish ta’tilining muddati boshlangan hollarda har yilgi mehnat ta’tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko`chirish huquqiga ega.
Shu bilan birga, Mehnat kodeksining 232-moddasiga asosan, homilador ayollarni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo`l qo`yilmaydi. Kodeksning 392-moddasiga ko`ra esa, homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bog`liq sabablarga ko`ra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to`lash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, 394-moddaga binoan tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish normalari avvalgi ishlaridagi o`rtacha oylik ish haqi saqlangan holda kamaytiriladi yoki ular yengilroq ishga yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo`lgan ishga o`tkaziladi. Ishlab chiqarish normalarini kamaytirish, shuningdek, vaqtincha boshqa ishga o`tkazish muddatlari tibbiy xulosaga muvofiq belgilanadi. Homilador ayolga yengilroq ish yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo`lgan ish berish masalasi hal etilguniga qadar, u buning oqibatida qoldirilgan barcha ish kunlari uchun o`rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.
Mehnat kodeksining 396-moddasiga asosan homilador ayollar faqat o`z yozma roziligi bilan tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilinishi, shuningdek, xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bunda ish beruvchi mazkur xodimlarni tungi ishlardan, ish vaqtidan tashqari ishlardan, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlardan yoki xizmat safaridan voz kechish borasidagi huquqi to`g`risida xabardor qilishi shart.
Homilador ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish homilador ayolning hayotiga va sog`lig`iga xavf tug`dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa mavjud bo`lgan taqdirdagina yo`l qo`yiladi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 398-moddasiga asosan, ish beruvchi homilador ayolning iltimosiga ko`ra, ularga tibbiy xulosaga muvofiq to`liqsiz ish vaqti belgilashi shart. Kodeksning 400-moddasiga asosan, homilador ayollarga yillik mehnat ta’tili, ularning xohishiga ko`ra, tegishincha homiladorlik va tug`ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin beriladi.
Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko`ra, ayolga tug`ruqqacha yetmish kalendarь kun hamda tug`ruqdan keyin ellik olti kalendarь kun (tug`ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug`ilgan taqdirda yetmish kalendarь kun) homiladorlik va tug`ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o`rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo`lmagan miqdorda nafaqa to`lanadi. Homiladorlik va tug`ish ta’tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug`ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, to`liq beriladi.
Mehnat kodeksining 408-moddasiga asosan, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko`ra bekor qilishga yo`l qo`yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo`linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno. Yana bir o`ziga xos jihat shundaki, Mehnat kodeksining
466-moddasiga binoan, homilador ayollar vaxta usulida bajariladigan ishlarga jalb qilinishi mumkin emas.
Xulosa o`rnida ta’kidlash joizki, mazkur kodeksning 85-moddasiga asosan, jamoa kelishuvlarida yuqoriroq darajada ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan shaxslar, masalan, homilador ayollar uchun qo`shimcha ish o`rinlari tashkil etayotgan ish beruvchilarga beriladigan imtiyozlar haqidagi normalar nazarda tutilishi mumkin.
Bu imtiyozlar ish beruvchilarga amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit berish, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilish, ijtimoiy soliq stavkasi kamaytirish, bojxona to`lovlarini sug`urta kafolatisiz bo`lib-bo`lib to`lashga ruxsat berish va boshqa shakllarda namoyon bo`lishi mumkin.
Angren shahar Yuridik xizmat
ko’rsatish Markazi bosh yuristkonsulti: Aktamova Sitora O’tkir qizi