Янгиликлар
Kasaba uyushmasiga a'zo bo'lish majburiymi?
Kasaba uyushmasiga a'zo bo'lish majburiymi?
Amaldagi “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonunning 4-moddasiga asosan mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar, shuningdek oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida taʼlim olayotgan, oʻn besh yoshga toʻlgan shaxslar hech qanday tafovutsiz oʻz tanloviga koʻra va oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek kasaba uyushmalariga ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan aʼzo boʻlish huquqiga egadir.
Mazkur Qonunning 7-moddasiga koʻra fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashishga boʻlgan huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qilishga, shuningdek ularni kasaba uyushmasiga aʼzo boʻlishga yoki aʼzolikdan chiqishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yaʼni, kasaba uyushmalari tuzish ham, unga aʼzo boʻlish ham fuqarolarning, shu jumladan xodimlarning huquqlari hisoblanadi, majburiyati emas. Ish beruvchi yoki ish beruvchining vakillari (shuningdek, kadrlar xizmati yoki buxgalter kabilar) tomonidan xodimlarni kasaba uyushmalariga aʼzo boʻlishga majburlash va shunga oʻxshash harakatlar qilinishi noqonuniydir.
Kasaba uyushmasiga aʼzo boʻlmagan xodimdan aʼzolik badalaini undirib boʻlmaydi. Chunki aʼzolik badali faqatgina kasaba uyushmasi aʼzolarigagina xos boʻlgan toʻlovdir.
Shunday ekan, ixtiyor sizda. Istasangiz, kasaba uyushmasiga aʼzo boʻlasiz va badal toʻlaysiz, istamasangiz aʼzo boʻlmaslikka va hech qanday toʻlov ham toʻlamaslikka haqlisiz. Har ikki ish joyingizdan ham.
Agar buxgalter sizdan rozilik olinmasdan turib kasaba uyushmasiga ish haqingizdan ushlab qolgan boʻlsa, demak bu yerda Mehnat kodeksining 269-moddasi talablari buzilgan. Bu toʻlovlarni qaytarib undirib olishingiz mumkin.
Angren shahar Yuridik xizmat
ko’rsatish markaz boshlig’i O.R.Raximberdiyev