Янгиликлар
Yer uchastkalarini mulk qilib berish
Yer uchastkalarini mulk qilib berish
Yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Yer to‘g‘risidagi qonunchilikning asosiy vazifalari hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini ko‘zlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash va oshirishni, tabiiy muhitni asrash va yaxshilashni, xo‘jalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratishni, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida yer munosabatlarini tartibga solishdan, shuningdek bu sohada qonuniylikni mustahkamlashdan shu jumladan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat.
Yer uchastkalarini mulk qilib berish (realizatsiya qilish), doimiy foydalanish uchun va ijaraga berish yer ajratish tariqasida amalga oshiriladi.
Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1) mulk qilib berish (realizatsiya qilish) — qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, shu jumladan yakka tartibda uy-joy qurish hamda uy-joyni obodonlashtirish, tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auksion vositasida;
2) doimiy foydalanishga berish — davlat organlariga, muassasalariga va korxonalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan;
3) ijaraga berish — ochiq elektron tanlov va elektron onlayn-auksion vositasida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan. Xususiy mulk bo‘lgan yer uchastkasini ijaraga berish uning mulkdori tomonidan amalga oshiriladi.
Egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini berish (realizatsiya qilish) O‘zbekiston Respublikasi Yer Kodeksida belgilangan tartibda faqat shu yer uchastkasi belgilangan tartibda olib qo‘yilganidan (qayta sotib olinganidan) va davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi.
Sanoat korxonalari, temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari, aloqa va elektr o‘tkazish liniyalari, magistral truboprovodlar qurish uchun, shuningdek qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyojlar uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar yoki qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsiz bo‘lgan yerlar yoxud qishloq xo‘jaligining sifati yomon yerlari beriladi (realizatsiya qilinadi). O‘rmon fondiga qarashli yerlardan mazkur maqsadlar uchun yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) asosan o‘rmon bilan qoplanmagan maydonlar yoki buta va arzonbaho dov-daraxtlar bilan qoplangan maydonlar hisobidan amalga oshiriladi.
Berilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkasining chegaralari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tomonidan naturada (joyning o‘zida) belgilanguniga hamda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlar berilguniga qadar mazkur yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanishga kirishish taqiqlanadi.
Yer uchastkalarini mulk qilib berish (realizatsiya qilish), ulardan doimiy foydalanish va ularni ijaraga berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Angren shahar yuridik markazi
bosh yuristkonsulti: S.Siradjiddinova