Янгиликлар
Maktab buxgalterlari ham direktor jamgʻarmasidan ustama olishi mumkinmi?
Maktab buxgalterlari ham direktor jamgʻarmasidan ustama olishi mumkinmi?
Assalomu alaykum. Men Urganch ixtisoslashtirilgan sanʻat maktabida bosh xisobchi lavozimida ishlayman. Bizning maktab Madaniyat vazirligiga qaraydi. Vazirlar mahkamasining 03.09.1999-yildagi 414-sonli qarori boʻyicha direktor jamgʻarmasidan ustama olishim mumkinmi? Agar mumkin boʻlsa necha foiz olish mumkin?
Ixtisoslashtirilgan sanʻat va madaniyat maktablaridagi Direktor jamgʻarmalari ham Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qaroriga 1-ILOVA "Umumiy oʻrta taʻlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida"gi NIZOM asosida tashkil etiladi va faoliyat olib boradi.
Mazkur nizomning 4-bandiga muvofiq, Jamgʻarmaning vazifalari quyidagilardan iborat:
▪️umumtaʻlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan pedagog (ular umumiy sonining koʻpi bilan 50 foizi), psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash yoʻli bilan ularni moddiy ragʻbatlantirish;
▪️umumtaʻlim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish;
▪️tejalgan mablagʻlar mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu mablagʻlar hisobidan xodimlarning vaqtincha mehnatga layoqatsizligi boʻyicha toʻlanmagan nafaqalarni moliyalashtirish.
Shunday ekan bu jamgʻarmadan ustamalar faqat pedagog, kutubxonachi va psixologlarga toʻlanadi.
Bekobod tumani Adliya boʻlimi YuXKM boshligʻi A.Iskandarov