Янгиликлар
Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish va o‘qitish
Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish va o‘qitish
Ishga yangi kirayotgan barcha xodimlar, shuningdek boshqa ishga o‘tkazilayotgan xodimlar uchun ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berishni amalga oshirishi, ishlarni bajarishning xavfsiz uslublari va usullari hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga oid o‘quvni tashkil etishi shart.
Yuqori xavfga ega bo‘lgan ishlab chiqarishga yoki kasbiy tanlov talab etiladigan ishga kiruvchi xodimlar uchun ishni xavfsiz uslublar va usullar bilan bajarish bo‘yicha dastlabki tayyorgarlik, kasb bo‘yicha bir oy davomida mehnatni muhofaza qilishga doir o‘quv o‘tkazilib, imtihon topshiriladi va keyinchalik mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha majburiy davriy attestatsiya o‘tkaziladi.
Tashkilotlarning xodimlari, shu jumladan rahbarlari mehnatni muhofaza qilishning davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar tomonidan ushbu xodimlar va rahbarlarning kasbi hamda ish turlari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitilishi, yo‘l-yo‘riq olishi, bilimlarining tekshiruvidan o‘tkazilishi shart.
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan tartibda o‘quvdan o‘tmagan, yo‘l-yo‘riq olmagan va bilimlari tekshiruvdan o‘tkazilmagan shaxslarni ish beruvchi ishdan chetlashtirishi shart.
Piskent tumani Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti J.Mavlanov.