Янгиликлар
Kiberxavfsizlik – bu nima?
Kiberxavfsizlik – bu nima?
Zamonaviy dunyoda kiber tahdidlar soni tez sur'atlar bilan o'sib bormoqda. Jahon ommaviy axborot vositalari har kuni yangi voqealar haqida xabar berib kelmoqda. Bularga misol tariqasida, virusli dasturlarni tarqatish, parollarni buzib kirish, kredit karta va boshqa bank rekvizitlaridagi mablag'larni o'zlashtirish talon-toroj qilish, shuningdek, internet orqali qonunga zid axborotlar, xususan, bo‘hton, ma'naviy buzuq ma'lumotlarni tarqatish kabilarni keltirish mumkin. Yirik xalqaro kompaniyalar va davlat idoralari kiber hujumlar to'lqiniga duchor bo‘layotgani hamda xakerlar oddiy fuqarolarning bank hisoblariga hujum qilayotgani raqamli dunyoda tahdidlardan ishonchli himoya qilish tizimini yaratish lozim ekanligini anglatadi. Keling, kiberxavfsizlik nima ekanligini va nima uchun u har birimiz uchun juda muhimligini aniqlaylik.
Kiberxavfsizlik - bu internetga ulangan tizimlarni (texnika, dasturiy ta'minot va ma'lumotlar) kiber tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi. Shu o'rinda «Kiberjinoyatchilik» tushunchasiga kelsak, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda, virtual tarmoqda dahshat solish, virus va boshqa zararli dasturlar, qonunga zid axborotlar tayyorlash va tarqatish, elektron xatlarni ommaviy tarqatish (spam), xakerlik hujumi, veb-saytlarga noqonuniy kirish, firibgarlik, ma'lumotlar butunligi va mualliflik huquqini buzish, kredit kartochkalari raqami hamda bank rekvizitlarini o'g'irlash (fishing va farming) va boshqa turli huquqbuzarliklar bilan izohlanadi.
Shu o'rinda kiberterrorizm va uning jamiyat hayotiga solayotgan xavfining ko‘lami ham oshib borayotganini ta'kidlash joiz. Kiberterroristik harakat (kiberhujum) - kompyuterlar va axborot kommunikatsiya vositalari yordamida amalga oshirilgan, odamlarning hayoti va sog'lig'iga bevosita xavf tug'diradigan yoki potentsial xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan, moddiy obyektlarga katta zarar yetkazishi yoki shunga olib kelishi mumkin bo'lgan, ijtimoiy xavfli oqibatlarning boshlanishi yoki maqsadi bo'lgan siyosiy sababdir.
Afsuski, hozirda virtual olamda yuz berayotgan barcha harakatlarni tartibga soluvchi yagona xalqaro konvensiya yoki norma mavjud bo‘lmasada, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashayotgan mamlakatimizda axborot kommunikatsiya texnologiyalari, axborot tizimlari va zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanish bo'yicha izchil davlat siyosati olib borilmoqda. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonuniga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi sanaladi. Ushbu organning vakolat doirasiga kiberxavfsizlik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni va davlat dasturlarini ishlab chiqish, kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, kiberxavfsizlik hodisalari yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlarini, tergovga qadar tekshiruvlarni hamda tergov harakatlarini amalga oshirish va boshqa shu kabi vazifalar kiradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda joriy etilayotgan zamonaviy raqamli texnologiyalar fuqarolarimizga qator qulayliklar va imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Mazkur jarayon bilan bir qatorda, yaratilayotgan raqamli texnologiyalar va axborot tizimlarining xavfsizligini ta'minlash muammosi ham mavjud, albatta. Kundan-kunga takomillashib ketayotgan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda quyidagi asosiy talablarni bajarish orqali ulardan himoyalanish, ya'ni kiberxavfsizlikni ta'minlashimiz mumkin:
· fuqarolarga axborot xavfsizligi asoslarini o'rgatish;
· foydalanilayotgan dasturiy ta’minotlarning zaifliklarini doimiy sinovdan o'tkazish;
· ishonchli antivirus dasturidan foydalanish;
· litsenziyga ega bo‘lgan rasmiy dasturlardan foydalanish;
· axborot tizimlarini himoyalashda ko'p faktorli autentifikatsiyadan foydalanish;
· parollardan foydalanishda kuchli parolni tuzish siyosatiga rioya qilish;
· muntazam ravishda kompyuter qattiq disklaridagi ma'lumotlarni shifrlash va boshqalar.
Eslatib o‘tish lozimki, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari kiberjinoyatchilik oqibatida buzilgan taqdirda, ular Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilishlari mumkin.
Toshkent tumani adliya bo‘limi
YUXKM bosh yuriskonsulti M.Kurbanov