Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

MUROJAAT ORTIDA SHAXS TAQDIRI


MUROJAAT ORTIDA SHAXS TAQDIRI

Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etish hamda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda fuqarolarning murojaatlariga doir qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilish, uni takomillashtirish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Binobarin, fuqarolarning davlat organlari va mansabdor shaxslarga murojaatlari aynan inson huquqlari ustuvorligi, har bir shaxsning davlat himoyasida ekanligi to'g'risidagi konstitutsiyaviy prinsiplarni amalga oshirishni kafolatlashga qaratilgan.

Avvallambor, fuqarolarning murojaati nima ekanligini yoritish lozim. Fuqarolarning murojaati — davlat organiga, mahalliy davlat hokimiyati organiga yoki mansabdor shaxsga yozma yoki elektron hujjat shaklida yuboriladigan taklif, ariza yoki shikoyat, shuningdek fuqaroning davlat organiga, mahalliy davlat hokimiyati organiga og‘zaki murojaati hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida har bir shaxsning davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqi konstitutsiyaviy norma asosida ham shakllangan (40-modda). Konstitutsiyada shaxslarning ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish turlari mustahkamlab qo‘yilgan. O‘z navbatida, har bir shaxs ushbu konstitutsiyaviy huquqini bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda amalga oshirishlari mumkin. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shartligi ham Konstitutsiyamizda keltirib o‘tilgan.

Mazkur qoidalarni “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi Pakt, “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi 1966 yil 16 dekabrdagi Xalqaro paktlarning moddalarida ham ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Fransiya, Germaniya, Daniya, Norvegiya, Sloveniya va boshqa davlatlar konstitutsiyalarida ham mahalliy o‘zini o‘zi organlarga murojaat qilish tartibi belgilangan. Yurtimizda mustaqillik yillarida Konstitutsiyada mustahkamlangan shaxslarning murojaat qilish huquqi “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi kabi qonunlar orqali amalga oshirildi.

Mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirish va aholining muammolarini mahalla darajasida hal qilish uchun keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga ushbu tendensiyaning huquqiy asoslarini kuchaytirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʼgʼin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PF-209-sonli Farmoni hamda “Oʼzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʼlga qoʼyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-402-son Qarori qabul qilindi. Ushbu Farmon va Qaror fuqarolar murojaatida mahallalar o‘rnini va vazifalarini yanada kengaytirgan bo’lib, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini yanada samarali hal etishga qaratilgan.

Xususan, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunida, fuqarolarning murojaat qilish huquqini amalga oshirishlarining tartibi keng yoritib berilgan. Shuningdek, aholining davlat organlari munosabatga kirishlarining huquqiy tartibi ushbu qonun bilan tartibga solingan bo‘lib, ko‘zda tutilgan qoidalar barcha davlat organlari, davlat ishtirokidagi tashkilotlarga va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun birdek amal qiladi. Ushbu Qonun davlat organlari va davlat muassasalariga, shuningdek ularning mansabdor shaxslariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Qonunga muvofiq, bugungi kunda shaxslarning murojaatlari qonuniylik, o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqish, murojaatlarga nisbatan talablarning bir xilligi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda byurokratizm va sansalorlikka yo‘l qo‘yilmasligi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organlari, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslari faoliyatining shaffofligi tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.

Xulosa o‘rnida qayd etish kerakki, murojaat qilishga oid mazkur konstitutsiyaviy huquqdan har bir shaxsning teng foydalanish imkoniyati to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga kelib, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil davlat va jamiyat hayotiga tatbiq etildi. Murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy o‘zbek modelini yaratishga erishildi. Respublikamizning barcha hududida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha teng imkoniyatlar, ochiq va shaffof mexanizm ishlamoqda. Amalga oshirilayotgan mazkur ishlarni kuchli fuqarolik jamiyatiga erishish yo‘lidagi ulkan qadam sifatida tushunishimiz lozim. Zero, insonlarni murojaat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq bilan ta’minlash demokratik jamiyatda oliy qadriyat sifatida e’tirof etiladi.

 

 

                                                                  Toshkent tumani adliya bo’limi xodimi S.Raxmatov.