Янгиликлар
Saylovga oid qonunbuzarlik buning uchun qanday javobgarlik belgilangan?
Saylovga oid qonunbuzarlik buning uchun qanday javobgarlik belgilangan?
Maʼlumki, bugun muhim siyosiy voqelik – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman va shahar kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlar oldida turibmiz. Shu maʼnoda aytganda, hamyurtlarimizning saylovga oid bilimlarini mustahkamlash biz sudyalar zimmasiga ham masʼuliyat yuklaydi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi hamda Jinoyat kodeksida saylov qonunchiligini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Buni saylovchilarimiz yaxshi bilishlari lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 512-519 – moddalarida saylov va referendumni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari oʻz aksini topgan. Masalan, kodeksning 512-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, xuddi shuningdek ularning ishiga toʻsiqlarni yuzaga keltirish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Kodeksning 513-moddasiga muvofiq esa Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmaslik, ushbu komissiyalarning murojaatlarini koʻrib chiqishni gʻayrihuquqiy ravishda rad etish yoki koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima bilan jazolanadi.
Yana bir huquqbuzarlik – nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzganlik uchun kodeksning 514-moddasida maʼmuriy javobgarlik choralari qayd etilgan. Yaʼni bunday holat mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdordagi jarima jazosini yuzaga keltiradi.
Toshkent tumani Yuridik
xizmat koʻrsatish markazi
rahbari
S.Raxmatov