Янгиликлар
Xususiy universitetdan davlat OTMsiga oʻqishni koʻchirish mumkinmi?
Xususiy universitetdan davlat OTMsiga oʻqishni koʻchirish mumkinmi?
Assalomu alaykum Men Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahrida yashayman va hozirda 3 yildan beri bankda ishlayman. Shu yil Fargʻona Davlat universitetining (ikkinchi mutaxasislik) yurisprudensiya yoʻnalishiga topshirdim. Biroq 46,5 bal (30 ta sovoldan 15 ta toʻgʻri javob) toʻplaganim sababli qoʻshimcha kontrak bazaviy kontrak summasining 8 baravari miqdorida toʻlashim kk ekan. Ayni vaqtda xususiy universitetlarda oktyabrgacha yurisprudensiya yoʻnalishiga qabul davom etyapti ekan. Savolim shundan iboratki shu yil xususiy univertitetlarda ochilgan yurisprudensiya yoʻnalishining ikkinchi mutaxasislik, yoki sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirib kelasi oʻquv yilidan Davlat Universitetlarining yurisppudensiya yoʻnalishiga perevot qilishim umkinmi? Qanday tartib amalga oshiriladi buni imkoni bormi?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 15.06.2022 yildagi PQ-279-son qarori 7-bandiга koʻra talabalar oʻqishini respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan:
davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish mazkur bandning «a» kichik bandida nazarda tutilgan tartibda;
davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish oʻrnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdoriga teng boʻlgan bir martalik toʻlov asosida amalga oshiriladi.
Mazkur bandning «a» kichik bandiga asosan davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirishda:
talabadan alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha test sinovlari oʻtkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy taʼlim muassasasi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladi;
test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar boʻyicha oʻtish ballari har yili 15 iyulga qadar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;
oʻtish balidan past ball toʻplagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi;
test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat test markazi hamda tegishli oliy taʼlim muassasasining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
Shunga koʻra sizdagi holatda agar kelasi yil test sinovlaridan oʻtsangizgina, oʻqishni koʻchira olasiz.
Toshkent tumani YUXKM
bosh yuriskonsulti B.Raximov