Янгиликлар
SAYLOVCHILARNING ROʻYXATLARI
SAYLOVCHILARNING ROʻYXATLARI
Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, roʻyxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin.
Saylovchilar roʻyxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi. Saylovchilar roʻyxatlari Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish boʻyicha axborot tizimi maʼlumotlari asosida tuziladi.
Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining va boshqa saylovchilarning roʻyxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan maʼlumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari boʻyicha umumiy asoslarda saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi. Sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar boʻyicha saylovchilar roʻyxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning roʻyxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuziladi.
Saylov jarayonlarini tashkil qilishda “Ye-saylov” axborot tizimidan foydalaniladi. Quyidagilar “Ye-saylov” axborot tizimidan foydalanuvchilar hisoblanadi:
• Markaziy saylov komissiyasi;
• Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi;
• viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari;
• tuman, shahar saylov komissiyalari;
• siyosiy partiyalar;
• Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shahar Kengashlari;
• Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shahar hokimliklari;
• Tashqi ishlar vazirligi;
• xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar;
• xorijiy, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari;
• fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari;
• deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari.
Toshkent tumani Yuridik
xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti
K.Shadiyev