Янгиликлар
Xodimning roziligisiz ish haqidan ushlab qolinishi mumkinmi?
Xodimning roziligisiz ish haqidan ushlab qolinishi mumkinmi?
Umumiy qoidaga koʻra, ish haqidan ushlab qolish xodimning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Lekin xodimning roziligi talab etilmaydigan holatlar ham mavjud.
Quyidagi hollarda, xodimning yozma roziligidan qatʼi nazar, ish haqidan ushlab qolish amalga oshiriladi:
- soliqlar va yigʻimlarni undirish uchun;
- sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun;
- ish haqi hisobiga berilgan boʻnakni ushlab qolish uchun, boshqa joydagi ishga koʻchib oʻtganligi munosabati bilan xoʻjalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga berilgan, sarflanmagan va oʻz vaqtida qaytarilmagan boʻnakni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar oqibatida ortiqcha toʻlangan summalarni qaytarib olish uchun. Bunday hollarda ish beruvchi boʻnakni qaytarish, qarzdorlikni toʻlash uchun belgilangan muddat tamom boʻlgan kundan yoki toʻlov notoʻgʻri hisoblab chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay ushlab qolish haqida buyruq chiqarishga haqli. Agar bu muddat oʻtib ketgan boʻlsa yoki xodim boʻnakni toʻlash uchun ushlab qolish asoslariga yoxud miqdoriga eʼtiroz bildirayotgan boʻlsa, qarzni toʻlash sud tartibida amalga oshiriladi;
- xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning oʻrtacha oylik ish haqidan oshmasa;
- intizomiy jazo sifatida tayinlangan jarimani undirish uchun;
- xodim qaysi ish yili hisobiga taʼtil olib boʻlgan boʻlsa, oʻsha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda taʼtilning ishlab berilmagan kunlari uchun;
- qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
YUXKM bosh yuriskonsulti M.Kurbanov