Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

Hozirda nogironlik holatlarini belgilash va tayinlashni soddalashtirish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentning 2024 yil 16-iyuldagi «Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘ris


Hozirda nogironlik holatlarini belgilash va tayinlashni soddalashtirish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentning 2024 yil 16-iyuldagi «Nogironlikni belgilash  tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-257-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror orqali nogironlik holatlarini belgilash hamda tayinlash masalasi yanada soddalashtirildi. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik holatlarini ortiqcha ovoragarchiliklarsiz tayinlatishlarida qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etadi.

Nogironlikni tayinlashning yangicha tartibi qanday?

Prezidentning 257-sonli Qarori qabul qilinguniga qadar, shaxs nogironlik holatini tayinlatish uchun quyidagilarni amalga oshirishi kerak bo‘lgan: 

  • oilaviy shifoxonaga shaxsan o‘zi borishi;
  • tibbiy tekshiruvgacha bo‘lgan davrlarda bir necha marotaba shifoxonalarda davolanib, 2 yoki undan ortiq tibbiy ma’lumotlarni olib borishi. 

Yangicha tartibga ko‘ra esa, zarurat bo‘lmaganda,  bir necha marotaba davolanish va tibbiy ma’lumotnoma taqdim etish amaliyoti bekor qilindi. Masalan, shaxs oilaviy shifoxona yoki tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga borish imkoniyatiga ega emas. Uning harakatlanishida muammo bo‘lishi mumkin. Shunda u yashaydigan mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan uning nogironlik holatlari jahon sog‘likni saqlash tashkiloti tomonidan belgilangan mezonlar bo‘yicha o‘rganiladi va baholanadi. Bu bevosita hududiy oilaviy shifoxona vrachlari va ijtimoiy xodim ishtirokida amalga oshiriladi. Ushbu qoida, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ortiqcha sarson bo‘lib yurishini oldini olish bilan bog‘liq holatlarni tartibga solishga xizmat qiladi.

Ushbu tizim qachon joriy etiladi?

Yangi tizim tajriba tariqasida 2024 yil 1 sentabrdan – Toshkent shahri va Navoiy viloyati tumanlari (shaharlari)da joriy etiladi. 2025 yil 1 sentabrgacha esa – respublikaning qolgan hududlarida joriy etilishi belgilangan.

Fuqarolar nogironlikni belgilash uchun qayerga murojaat etishi kerak?

Shaxslar my.gov.uz sayti orqali onlayn tarzda yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga ariza bilan murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.

Mana shu qoidani sodda qilib tushuntirganimizda, nogironligi bo‘lgan shaxs o‘z hududiy oilaviy shifoxonasiga borib, bosh vrachga murojaat qiladi. Bosh vrachning tashabbusi bilan bu shaxsning nogironlik holatlari batafsil o‘rganiladi va ariza onlayn tartibda tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga yuboriladi. Bunda ariza bilan birga nogironlik belgilari va uning oqibatlari bilan bog‘liq hujjatlar ham qo‘shib yuboriladi. 

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi ijtimoiy xodim va oilaviy poliklinika shifokorlarining tibbiy xulosalari asosida shaxsga nogironlik tayinlaydi. 

Eslatma!!!! Agarda nogironligi bo‘lgan shaxs, salomatligiga ko‘ra, oilaviy shifoxonagacha ham bora olmasa arizani ijtimoiy xodimning o‘ziga ham berishi mumkin.

Bunda tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalarida (TIEK) ko‘rikdan o‘tkazish uchun tibbiy hujjatlar oilaviy shifokorlar tomonidan elektron shaklda yuboriladi.

Funksionallikni baholash qay tartibda va qanday mezonlar asosida o‘tkaziladi? 

18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari tomonidan o‘tkaziladi. Baholash mahalliy xususiyatlar va sharoitlarga moslashtirilgan JSSTning nogironlik holatini baholash shkalasi asosida o‘tkaziladi. Agarda shaxs «Inson» markazlariga kelish imkoni bo‘lmasa, ularning sog‘lig‘i holati va funksionalligini baholash uyda yoki davolanayotgan joyidagi statsionarda o‘tkaziladi.

Nogironlikni baholash shkalasi quyidagi mezonlar bilan baholanadi:

  • Shaxsning turmush faoliyati cheklanganligi;
  • Uning o‘z-o‘ziga xizmat qilishi;
  • Yurish, yo‘lni topa olish, muloqot qilish, o‘z xatti-harakatini nazorat etish;
  • Mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish qobiliyati hamda imkoniyatini to‘la yoki qisman yo‘qotganligi. 

Misol uchun ko‘rishida yoki jismoniy nogironligi bo‘lgan shaxs qay darajada o‘z yo‘lini mustaqil topa oladi? Qay darajada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsata oladi? Mana shu mezonlar uning nogironlik holatini aniqlashda muhim jarayon bo‘lib xizmat qiladi.

Qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda? 

Qarorga ko‘ra 2025-yil 1-apreldan quyidagi masalalar bo‘yicha qoidalarga o‘zgartirishlar kiritiladi:

  • fuqarolarni TIEKda ko‘rikdan o‘tkazishga yuborish uchun zarur bo‘lgan davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilinadi. U har bir kasallikning kechishi va turiga qarab alohida belgilanadi;
  • TIEKning kasb, sport va ta’lim bo‘yicha tavsiyalar berishi bekor qilinadi.

TIEKning quyidagi funksiyalari tugatiladi:

  • Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi muddatini uzaytirish;
  • Maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarishga yaroqlilikni aniqlash.

Ushbu funksiyalar davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkaziladi.

18 yoshdan katta shaxslarga nogironlik belgilanganda quyidagi ma’lumotlarning har biri aniq belgilanadi: 

  • nogironlik muddati va sabablari;
  • tibbiy-reabilitatsiya tadbirlari;
  • protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiyaning texnik vositalariga ehtiyoji to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Yuqoridagilar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida shakllantiriladi.

2025 yil 1-sentyabrdan boshlab tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlari tomonidan faqat tibbiy hujjatlar asosida nogironlikni belgilash bekor qilinadi. Nogironlik shaxslarning sog‘lig‘i holati va funksionalligini baholash natijalaridan kelib chiqib elektron tarzda belgilanadi.

 

 

Angren Shahar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi

Bosh yuriskonsulti Raimjonova Nilufar Ikromjon qizi.