Янгиликлар
Xodimning toʻliq moddiy javobgarligi va moddiy javobgarlik doirasi
Xodimning toʻliq moddiy javobgarligi va moddiy javobgarlik doirasi
Xodimning toʻliq moddiy javobgarligi uning ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini toʻliq miqdorda qoplash majburiyatidan iboratdir.
Yetkazilgan zarar uchun toʻliq miqdordagi moddiy javobgarlik xodimning zimmasiga yuklatilishi mumkin. shuni unutmaslik kerakki xodim oʻzining oʻrtacha oylik ish haqi doirasida moddiy javobgar boʻladi.
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar faqat qasddan yetkazilgan zarar uchun, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida yetkazilgan zarar uchun, shuningdek jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etish natijasida yetkazilgan zarar uchun toʻliq moddiy javobgar boʻladi.
Yetkazilgan zarar uchun toʻliq miqdordagi moddiy javobgarlik quyidagi hollarda xodimning zimmasiga yuklatiladi:
1) toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida oʻziga ishonib topshirilgan qimmatliklarning kamomadida;
2) xodim tomonidan bir martalik hujjat (tovar-moddiy qimmatliklarni olish ishonchnomasi, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi va hokazolar) boʻyicha olingan boyliklarning but saqlanishi taʼminlanmaganda;
3) qasddan zarar yetkazilganda;
4) alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida zarar yetkazilganda;
5) xodimning sud tomonidan aniqlangan jinoiy harakatlari natijasida zarar yetkazilganda;
6) maʼmuriy huquqbuzarlik natijasida zarar yetkazilganda, agar bu tegishli davlat organi yoki sud tomonidan aniqlangan boʻlsa;
7) davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni (tijorat, xizmat sirini yoki boshqa sirlarni) tashkil etuvchi maʼlumotlar oshkor qilinganda;
8) xodim mehnat majburiyatlarini bajarmagan taqdirda zarar yetkazilganda.
Ish beruvchiga oʻrtacha oylik ish haqidan ortiq boʻlmagan miqdorda yetkazilgan zarar summasini aybdor xodimdan undirish ish beruvchining zarar aniqlangan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirilmay qabul qilingan buyrugʻiga muvofiq amalga oshiriladi.
Agar yetkazilgan zararning xodimdan undirilishi lozim boʻlgan summasi uning oʻrtacha oylik ish haqidan oshib ketsa yoki zarar aniqlangan kundan eʼtiboran bir oylik muddat oʻtgan boʻlsa, undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
Sud aybning darajasi va shaklini, aniq holatlarni va xodimning moddiy ahvolini hisobga olib, undiriladigan zarar miqdorini kamaytirishi mumkin.
Sud xodimdan undiriladigan zarar miqdorini kamaytirish toʻgʻrisidagi kelishuv bitimini tasdiqlashga haqlidir.
Agar zarar gʻarazli maqsad bilan sodir etilgan jinoyat sababli yetkazilgan boʻlsa, xodimdan undiriladigan zararning miqdorini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oлмалиқ shahar YUXKM boshligʻi M.M.Ashurova