Янгиликлар
Soliq qonunchiligida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ayrim imtiyozlari
Soliq qonunchiligida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ayrim imtiyozlari
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar mavjudmi?
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 380-moddasiga ko‘ra, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek I va II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlari bo‘yicha soliq solishdan ozod etiladi. Bunday imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Agar nogironligi bo‘lgan shaxs ishlamasa, biroq boshqa turdagi oylik daromadlarga ega bo‘lsa ushbu imtiyoz tatbiq etiladimi?
Soliq kodeksi 380-moddasi 6-qismiga asosan, mazkur soliq imtiyozlari soliq to‘lovchining foizlar va dividendlar tarzida olingan va mol-mulkni ijaraga berganda tushadigan daromadlariga nisbatan tatbiq etiladi. Bunday hollarda soliq imtiyozi jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga qarab shaxs yashash joyidagi soliq organlari tomonidan qo‘llaniladi.
Agar shaxslar o‘rindoshlik asosida ham faoliyat yuritsa, soliq imtiyozi qay biriga qo‘llaniladi?
Soliq imtiyozini qo‘llash soliq to‘lovchining asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyi bo‘yicha amalga oshiriladi. Agar asosiy ish joyi mavjud bo‘lmagan taqdirda yashash joyidagi soliq organlari tomonidan jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida soliqni hisoblab chiqarish chog‘ida amalga oshiriladi.
Siz asosiy ish joyingizdan tashqari, o‘rindoshlik asosida ishlovchi ish joyingizda ham ushbu imtiyozdan foydalanmoqchisiz. Bunda siz hududiy soliq organlariga jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishingiz lozim bo‘ladi.
Tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan shaxslarga qanday imtiyozlar bor?
Soliq kodeksi 383-moddasiga muvofiq, soliq to‘lovchi I yoki II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblanganida oyiga qat’iy belgilangan miqdordagi soliqning 50 foizini to‘laydi. Bunda uning faoliyat turi va uni amalga oshirish joyi ahamiyatga ega emas. Lekin ushbu summa bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Qat’iy belgilangan soliq stavkalari Soliq kodeksi 383-moddasiga muvofiq, hudud va jismoniy shaxsning tadbirkorlik faoliyati turiga qarab har xil belgilangan.
Toshkent tumani Inson huquqarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi bosh maslahatchisi M.A.Hasanov