Янгиликлар
Xodim qaysi oyda ishga kirgan boʻlsa, har yili oʻsha oyda taʼtil oladimi? Yoki boshqa oyda ham berish mumkinmi?
Xodim qaysi oyda ishga kirgan boʻlsa, har yili oʻsha oyda taʼtil oladimi? Yoki boshqa oyda ham berish mumkinmi?
Xodimni qaysi oyda ishga kirgan boʻlsa, oʻsha oyda taʼtilga chiqadi degan qoida notoʻgʻri. Mehnat kodeksining 225-moddasida ish yili degan tushuncha mavjud. Unga koʻra, ish yili deganda xodimning muayyan ish beruvchida oʻn ikki oyga teng boʻlgan va haqiqatda ish boshlangan sanadan eʼtiboran hisoblab chiqariladigan ish davri tushuniladi. Mehnat kodeksining 230-moddasiga asosan har yilgi mehnat taʼtili har yili, ushbu taʼtil berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak. Masalan, xodim 2023 sentyabr oyida ishga kirgan boʻlsa, u 2024 yil sentyabrgacha taʼtilga chiqishi shart. Yaʼni xodimni shu ish yili davomida taʼtilga chiqarish mumkin.
MKning 228-moddasining 7-qismiga asosan jadvalda belgilangan har yilgi mehnat taʼtilini berish vaqti xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan oʻzgartirilishi mumkin. Yaʼni belgilangan jadval xodim va ish beruvchining kelishuvi bilan bemalol oʻzgartirilishi mumkin.
Bundan tashqari olti oy toʻlmasdan taʼtil oladigan va xodimning xoxishiga koʻra taʼtil oladigan toifalar mavjud. Masalan MKning 227-moddaning 3-qismiga asosan olti oy oʻtguniga qadar xodimning xohishiga koʻra quyidagilarga har yilgi mehnat taʼtili beriladi:
ayollarga — homiladorlik va tugʻish taʼtilidan oldin yoki undan keyin;
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta yoki undan ortiq bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolgʻiz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga);
oʻn sakkiz yoshdan kichik boʻlgan shaxslarga;
rezervga boʻshatilganidan keyin uch oydan kechiktirmay ishga kirgan muddatli harbiy xizmatni oʻtagan sobiq harbiy xizmatchilarga;
1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga;
ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotganlarga, agar ular oʻzining har yilgi mehnat taʼtilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasa;
jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan boshqa hollarda boshqa xodimlarga.
Yaʼni bunday xodimlarni ish beruvchi bugun ishga olgan boʻlsa, ular ertasi kuni taʼtilga chiqishga ham haqli degani.
Shuningdek, MK 228-moddaning 4-qismida ham shunga oʻxshash xodimlar bor bu toifadagi xodimlarga har yilgi mehnat taʼtili unga qulay boʻlgan vaqtda quyidagilarga berilishi kerak.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, xodim qaysi oyda ishga kirgan boʻlsa, oʻsha oyda taʼtilga chiqsin degan qoida mavjud emas.Xodimni ishga kirgan yilning istalgan vaqtida ish beruvchi bilan kelishgan holda taʼtilga chiqarish mumkin.
Boʻstnliq tumani adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti M.Shukurov