Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

Uy-joy uchun subsidiya olish tartibi: muhim 7 savolga javob



Uy-joy uchun subsidiya olish tartibi: muhim 7 savolga javob

1. Subsidiya uchun kimga murojaat qilinadi?

Subsidiya olish uchun davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali ariza beriladi.

Bunda anketa-ariza elektron tarzda toʻldiriladi va mazkur xizmat mutlaqo bepul.

23 sentyabrdan yana arizalar qabul qilish boshlanadi.

2. Subsidiya olish uchun daromad qancha boʻlishi lozim?

Subsidiya daromadi yuqori boʻlmagan fuqarolar yoki oilalarga beriladi.

Ariza beruvchi va/yoki uning turmush oʻrtogʻining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) oʻrtacha daromad miqdori:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — МҲТEКМнинг 2,7 baravaridan (2 mln 835 ming soʻm) 8 baravarigacha (8 mln 400 ming soʻm);

Toshkent shahrida — МҲТEКМнинг 2,7 baravaridan (2 mln 835 ming soʻm) 9,2 baravarigacha (9 mln 660 ming soʻmgacha) boʻlishi zarur.

3. Daromadi yetmasa qanday yoʻl tutish mumkin?

Ariza beruvchi oʻzining daromadi yetmasa, uning xohishiga koʻra, daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin.

4. Cубсидия ajratishda nimalarga eʼtibor qaratiladi?

Subsidiya ajratishning mezonlari bor, ularning birinchisi yuqorida keltirilgan oylik daromad miqdori.

Ikkinchisi, arizachining amaldagi turar joyining maqomi:

ijara (er-xotinning oʻz mulkida uy-joyi mavjud emas)

egasining ruxsati bilan tekin turar joy (er-xotinning oʻz mulkida uy-joyi mavjud emas)

ariza beruvchining oʻz mulkida yakka tartibdagi uy-joyi mavjudligi (yakka tartibdagi uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish uchun).

Uchinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslar:

“labor-migration” dasturida roʻyxatdan oʻtgan mehnat migranti;

olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi;

yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar

ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar.

Toʻrtinchidan, ariza beruvchi va uning oilasidagi shaxslarning quyidagi toifaga mansubligi:

birinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxs;

surunkali kasallikning ogʻir turlaridan azob chekuvchi;

ogʻir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan.

Ijtimoiy mezonlar asosida 30 (jami 50 baldan) va undan yuqori ball toʻplaganlarga subsidiya beriladi.

5. Qaysi holatlarda subsidiya berilmaydi?

Quyidagi hollarda subsidiya ajratish rad etiladi:

arizada koʻrsatilgan maʼlumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;

maʼlumotlar notoʻgʻri yoki soxta boʻlganda;

ilgari imtiyozli ipoteka kreditlari asosida kvartira yoki uy-joy hamda subsidiya olganlar ariza berganida;

joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda;

ariza beruvchi va/yoki oilaning oʻrtacha oylik daromadi yuqorida koʻrsatilgan daromaddan koʻp yoki kam boʻlganida.

Boshqa asoslar bilan rad etish mumkin emas, ariza rad etilganidan soʻng yana qayta murojaat qilish mumkin.

Subsidiya oluvchilar koʻp boʻlganda, dastlab birinchi ariza berganlarga subsidiya ajratiladi.

6. Boshlangʻich toʻlov va kredit foizi qancha?

Dastlabki toʻlov uchun 30 mln soʻm subsidiya beriladi.

Shuningdek, subsidiya asosida olingan kredit foizining 12 foizidan oshgan qismi qoplab beriladi, ilgari 10 foizidan oshgan qismiga berilgan. 2025 yildan boshlab esa faqat Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan miqdor qoplab beriladi.

7. Kredit miqdori qancha?

Subsidiya asosida ajratiladigan kredit miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 330 mln, Toshkent shahrida esa 420 millionni tashkil qiladi.

Subsidiya asosida ajratilgan kredit sotib olinayotgan uy narxiga yetmasa, banklar oʻz mablagʻidan kredit ajratishi mumkin.

Masalan, uy narxi 600 mln, subsidiya esa 420 mln, 180 mln yetmaganini bank oʻzi kredit sifatida beradi va foizini ham mustaqil belgilaydi.

Ipoteka asosida yangi uy olayotganda kreditni sugʻurta qilish bekor qilingan.


 

Boʻstonliq tumani adliya boʻlimi

YUXKM bosh yuriskonsulti                                        M.Shukurov