Янгиликлар
Pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etish tartibi qanday?
Pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etish tartibi qanday?
Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida"gi Qonunga koʻra, fuqaro yoki uning qonuniy vakili pensiya tayinlashni soʻrab oʻz tanloviga koʻra quyidagi usullardan birini qoʻllagan holda murojaat qilish huquqiga ega:
– doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga ariza bilan;
– yashash joyidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazida soʻrovnoma toʻldirgan holda;
– Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali soʻrovnoma toʻldirgan holda.
Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar pensiya tayinlashni soʻrab ariza bilan manzil-koloniya joylashgan yerdagi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining bevosita tuman (shahar) boʻlimiga yoki soʻrovnoma toʻldirgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etishi mumkin.
Pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etilganda shaxsning pensiyaga boʻlgan huquqi ushbu Qonunda belgilangan shartlarga va normalarga muvofiq axborot tizimlaridan olingan maʼlumotlarga asosan aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining boʻlimlari pensiyalarni tayinlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar va maʼlumotlar berishi, shuningdek arizachiga zarur hujjatlarni olishida koʻmaklashishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari korxonalardan, tashkilotlardan va ayrim shaxslardan tegishli hujjatlarni talab qilib olish, zarur hollarda esa, ularning berilishi asosliligini tekshirish huquqiga ega.
Korxonalar va tashkilotlar pensiya uchun (pensiya qayta hisob-kitob qilinishi uchun) hujjatlarni oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoki ishonchsiz maʼlumotlari boʻlgan hujjatlarni taqdim etish oqibatida pensionerga yetkazilgan zarar uchun uning oldida qonunchilikda belgilanganidek javobgar boʻladi.
Korxona yoki pensioner tomonidan maʼlumotlari ishonchsiz hujjatlar taqdim etilganligi oqibatida davlatga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga qoplanadi. Bunda korxona tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimidan tegishli xabarnoma olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida, pensioner tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni esa ushbu Qonunning 65-moddasida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.
Boʻstonliq tumani adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti M.Shukurov