Янгиликлар
Er-xotinning bir-biriga taʼminot berish majburiyatlari.
Er-xotinning bir-biriga taʼminot berish majburiyatlari.
Oila kodeksining 15-bobida er-xotinlar va sobiq er-xotinlarning aliment majburiyatlarini belgilanadi.
Er-xotinning bir-biriga moddiy yordam berishi nikoh tuzilgan paytdan vujudga keladigan er-xotinning oʻzaro majburiyatlaridan biri hisoblanadi. Ushbu majburiyatning qonunda belgilangan asoslar mavjud boʻlganda soʻzsiz bajarilishining zarurligi shu bilan belgilanadiki, erxotin, shu jumladan sobiq er-xotinga agar er (xotin) ixtiyoriy ravishda moddiy taʼminot berishdan bosh tortganda yoki ular oʻrtasida taʼminot berish haqidagi kelishuv mavjud boʻlmaganda sud tartibida taʼminot undirishga haqli hisoblanadi.
Rasmiy roʻyxatga olinadigan nikohni qayd etmasdan, amalda nikoh munosabatlarida boʻlgan shaxslar oʻzaro moddiy yordam talab qilishga haqli boʻlmaydilar. Bu qoida mutlaq tus kasb etadi va shaxslarning amalda qancha muddat nikoh munosabatlarida boʻlganligi bu vaziyatda ahamiyat kasb etmaydi.
Er-xotinning bir-biridan moddiy yordam olish huquqi sobiq erxotinlarga ham tegishli hisoblanadi. Oila kodeksida sobiq er (xotin) ning taʼminot olishi mumkin boʻlgan holatlarning qatʼiy roʻyxati nazarda tutiladi. Biroq nikoh haqiqiy emas deb topilganda er-xotin bir-biridan moddiy yordam berishni talab qilishga haqli boʻlmaydi. Bu holatga nisbatan istisno boʻlib, nikohning haqiqiy emasligi, insofli er (xotin)ning huquqlari buzilishi hisoblanadi. Bu holatda sud nikohni haqiqiy emas deb topishda insofli er (xotin)ga insofsizlik qilgan xotin (er)dan Oila kodeksining 118-119-moddalarida belgilangan qoidalar asosida moddiy yordam undirib berishi mumkin.
Sharhlanayotgan moddada er-xotinning bir-biridan moddiy yordam olishi uchun asos boʻladigan shartlar keltirib oʻtilgan. Eng avvalo, bu mehnatga layoqatsizlik va yordamga muhtojlik hisoblanadi. Mehnatga layoqatsiz boʻlib pensiya olishi yoki pensiya olmasligidan qatʼi nazar, pensiya yoshidagi er (xotin) (ayollar – 55 yosh va erkaklar – 60 yosh) hisoblanadilar. Shuningdek, I, II, III guruh nogironlari ham mehnatga layoqatsizlar toifasiga kiradi.
Yordamga muhtojlik er (xotin)dan moddiy yordam olish uchun asos sifatida sud tomonidan har bir aniq holatdan kelib chiqib belgilanadi. Qoidaga koʻra, yordamga muhtojlar jumlasiga mustaqil ish haqiga ega boʻlmagan, pensiya olmaydigan va mol-mulkdan, shuningdek kredit muassasalariga omonatlar, aksiyalardan daromad olmaydiganlar kiradi.
Boʻstonliq tuman adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuristkonsurti A.A.Abdugʻaffarov