Янгиликлар
Nikohdan ajratish tartibi
Nikohdan ajratish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 38-moddasi nikohni bekor qilishning ikkita muqobil variantini belgilaydi – sud va FHDYO orqali. Ushbu tizim 1998 yilda Oila kodeksi qabul qilinishidan ancha oldin tashkil etilgan va ajrashish toʻgʻrisidagi ishni soddalashtirish zarurati bilan bogʻliq hisoblanadi.
Sudning (fuqarolik sudi) faoliyati Oila kodeksi va FPK normalari, FHDYO organlari faoliyati esa – Oila kodeksi va Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari bilan tartibga solinadi.
Oila kodeksining 42 va 43-moddalarida nazarda tutilgan holatlar FHDYO organida nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish uchun asos boʻladi:
1. voyaga yetmagan bolalari boʻlmagan er-xotin nikohdan ajratishga oʻzaro rozi boʻlsalar, er-xotin oʻrtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy taʼminot berish toʻgʻrisida yoki ularning birgalikdagi umumiy mulki boʻlgan mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisida nizo boʻlmagan taqdirda (Oila kodeksining 42-moddasiga koʻra);
2. agar er-xotindan biri sud tomonidan bedarak yoʻqolgan yoki sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, shuningdek sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, oʻrtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qatʼi nazar, er-xotindan birining arizasiga koʻra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi (Oila kodeksining 43-moddasiga koʻra).
Oila kodeksi 42 va 43-moddalarining talablariga toʻgʻri kelmaydigan ajrashishning boshqa barcha asoslari – bolalar, birgalikda sotib olingan mulkni boʻlish, muhtoj mehnatga layoqatsiz tomonni taʼminlash toʻgʻrisidagi nizolarning mavjudligi, er-xotinning FHDYO organida nikohni bekor qilishga oʻzaro roziligi mavjud boʻlmagan yoki ulardan biri birgalikda ariza berish uchun FHDYO organiga kelmaganligi, muomala layoqati cheklangan shaxs bilan nikohni bekor qilish va boshqalar ishni sudda koʻrib chiqish uchun asos boʻladi.
Boʻstonliq tuman adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuristkonsurti A.A.Abdugʻaffarov