Янгиликлар
Nikohlanuvchi shaxslar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida BEPUL ASOSDA tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar
Nikohlanuvchi shaxslar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida BEPUL ASOSDA tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar
Oila kodeksi 17-moddasiga ko’ra, nikohlanuvchi shaxslar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida BEPUL ASOSDA tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish hajmi va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nikohlanuvchi shaxslar ellik yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek ushbu Kodeks 13-moddasining beshinchi qismida ko‘rsatilgan alohida hollar mavjud bo‘lganda tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-son qaroriga 1-ilova “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomga ko’ra, nikohlanuvchi shaxslar mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq hajmlarda psixik, narkologik, tanosil kasalliklari, sil kasalligi va OIV/OITS yuzasidan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.
Nizomning 6-bandiga ko’ra, nikohlanuvchi shaxslar uchun tibbiy ko‘rik jarayonida genetik tekshiruvlarga zarurat bo‘lganda, ularning o‘zaro kelishuvi asosida ushbu tekshiruvlar pullik asosda amalga oshirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 25.04.2022 yildagi PQ-217-son “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 3-bandiga ko’ra, 2023-yil 1-iyuldan boshlab nikohlanuvchi shaxslar o‘z hisobidan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy markazlariga tashrif buyurish orqali Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining laboratoriyasida molekulyar-genetik testdan o‘tkaziladi.
Chirchiq shahar adliya bo’limi
YXKM boshlig’I A.Fayziyev