Янгиликлар
30
Xodim 1 yilda 2 marta ta’tilini to’liq olishi mumkinmi?:
Xodim 1 yilda 2 marta ta’tilini to’liq olishi mumkinmi?:
✅ Ha, mumkin. Buni quyidagicha asoslaymiz. Bu yerda kalendar yilga chalg’imaslik lozim. Ta’til xodimning ish yili davomida beriladi, kalendar yil davomida emas.
MK 225-moddasiga koʼra, ish yili deganda xodimning muayyan ish beruvchida 12 oyga teng boʼlgan va haqiqatda ish boshlangan sanadan eʼtiboran hisoblab chiqariladigan ish davri tushuniladi.
Masalan, xodim 22.02.2024 dan ish boshladi. Uning ish yili 22.02.2024 dan 21.02.2025 gacha boʼladi. Bizning misolda har yilgi mehnat taʼtili xodimga taʼtil berilayotgan ish yili tugaguniga qadar yaʼni 21.02.2025 gacha ( shu kuni ham) berilishi kerak. ❗️ Koʼpchilik mana shu oʼrinda kalendar yilga chalgʼib ketib, xodimni 31-dekabrgacha taʼtilga chiqarsam boʼladi deb, xato oʼylashadi. Yaʼni xodimni kalendar yil tugagunga qadar emas, xodimning ish yili tugaguniga qadar taʼtilga chiqarish shart ekan.
Misolimizdagi xodim 2025-yil 21-fevral kuni ta’tilga chiqdi. Shu xodim 2025-yili, masalan, may oyida yana ta’til olishi mumkinmi yoki faqat 2026-yil fevraldagina ta’tilga chiqa oladimi? Xodim 2026-yil 22-fevralgacha ham ta’tilga chiqishi mumkin. Qanday qilib deysizmi? Xodim yangi ish yili boshlangan sanadan ya'ni 2025-yil 22-fevraldan boshlab 22.02.2025 dan 21.02.2026 gacha ish yili uchun ta’tilini olishi mumkin. Ko’pchilik mana shu yerda xodim 1 yilda ya'ni 2025-yilda 2 marta ta’tilga chiqyaptiku, bu xato emasmi deb so’rashadi. Yo’q xato emas. Chunki xodim 2025-yil fevral oyida 22.02.2024 dan 21.02.2025 gacha bo’lgan ish yili uchun ta’til oldi.
2025-yil may oyida esa 22.02.2025 dan 21.02.2026 gacha bo’lgan ish yili hisobiga ta’til oldi ya’ni sodda qilib aytganda qarzga ta’til oldi. Xodim boshqa-boshqa ish yillar uchun ta’til olmoqda. ❌ Diqqat! Lekin xodim 22.02.2026 dan 21.02.2027 gacha bo’lgan ish yili hisobiga ta’tilni 2025-yilda ololmaydi. 22.02.2026 dan 21.02.2027 gacha bo’lgan ish yili hisobiga ta’tilni ish yili boshlangan sana 22.02.2026 dan boshlab olishi mumkin.
⚠️ Diqqat! MK 228-moddasi 1-qismiga ko’ra, ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tili ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan ta’tillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat ta’tillarini berish navbatiga muvofiq beriladi.
⚠️ MK 228-moddasi oxirgi qismiga ko’ra, jadvalda belgilangan har yilgi mehnat ta’tilini berish vaqti xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan o‘zgartirilishi mumkin.
⚠️ MK 269-moddasi 2-qismi 6-bandiga ko’ra, xodim qaysi ish yili hisobiga ta’til olib bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda ta’tilning ishlab berilmagan kunlari uchun xodimning yozma roziligidan qat’i nazar, ish haqidan ushlab qolish amalga oshiriladi, bundan 269-moddasi 3-qismidagi holatlar mustasno.
Nurafshon shahar YXKM boshlig‘i F.Nazarov