Янгиликлар
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish nima degani?
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish nima degani?
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish – shaxsga doir ma’lumotlarga nisbatan amalga oshiriladigan har qanday xatti-harakatlarni o‘zida qamraydi. Shaxsga doir ma’lumotlarni: to‘plash; yozish; tizimlashtirish; jamg‘arish; saqlash; aniqlashtirish – yangilash va o‘zgartirishlar kiritish; ko‘chirma olish; foydalanish; uzatish, ya’ni tarqatish, taqdim etish, tanishish imkonini yaratish; shuningdek, shaxssizlantirish; bloklash; o‘chirib tashlash; yo‘q qilish shular jumlasidandir.
Misol uchun, ish beruvchi o‘z xodimi bilan mehnat shartnomasini tuzishi asnosida kadrlar bo‘limida o‘sha xodimning shaxsiy hujjatlaridan nusxalar jamlangan “papka” yuzaga keladi. Demak, ish beruvchi shaxsga doir ma’lumotlarni to‘plash, yozish va saqlash bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshiradi.
Ish beruvchi o‘z xodimining tashrif qog‘oziga buyurtma berish uchun uning shaxsga doir ma’lumotlarini bosmaxonaga yubordi, deylik. Bunda u shaxsga doir ma’lumotlarni uzatgan bo‘ladi.
Yana bir misol: sotuvchi o‘z xaridorlariga oid ma’lumotlar jamlangan hujjatlarni yoqib yuborar ekan, shaxsga doir ma’lumotlarni yo‘q qiladi.
Yoki bo‘lmasa, sotuvchi va xaridor Internet orqali mahsulot savdosi jarayonida sayt egasiga o‘zlarining shaxsga doir ma’lumotlari – ism-familiya, manzil, pochta va telefon raqamlarini taqdim etganiga to‘xtalaylik. Bu ma’lumotlar o‘sha saytning elektron xotirasida saqlanadi – demak, sayt egasi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, yozish va saqlash bilan shug‘ullangan bo‘ladi.
Ushbu misollardan yana bir oddiy haqiqat ayon bo‘lmoqda. Ya’ni, shaxsga doir ma’lumotlar nafaqat qog‘ozda, balki elektron manbalarda ham saqlanishi mumkin.
Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi
YuXKM boshlig‘i B.B.Mavlanov