Янгиликлар
Ajrimdan soʻng farzand kim bilan qoladi?
Ajrimdan soʻng farzand kim bilan qoladi?
Oila kodeksiga asosan Ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Bunda voyaga yetmaganning qaysi yashash manzilida roʻyxatdan oʻtkazilishi emas, balki bola ota-onaning qaysi biri bilan doimiy birga yashashi asosiydir.
Ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 11-sentyabrdagi 23-sonli “Bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi Qarorining 3-bandi tushuntirishlariga koʻra, sud boshqa-boshqa turadigan ota-onalar oʻrtasida boʻlgan ularning qaysi biri bilan qaysi bolasi yashash uchun qolishi toʻgʻrisidagi nizolarni hal etishda Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 71-moddasida belgilangan ota va onaning huquq va majburiyatlarining tengligiga asoslangan holda voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga va xohishlariga mos keladigan hal qiluv qarori chiqarishi lozim.
Bolani olib berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sudlar
quyidagilarni eʼtiborga olishlari kerak:
– bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bogʻlanib qolganligini;
– ota-onadan qaysi biri bolalariga nisbatan koʻproq gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatayotganligini;
– bolalarning yoshini va ota-onadan qaysi biriga koʻngil qoʻyganligini;
– ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini;
– ota-onaning har biri bilan bola oʻrtasidagi munosabatlarni;
– bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (otaonasining mashgʻulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar).
Ota-onadan birining moddiy-maishiy ahvoli ustunligining oʻzi bolani olib berish uchun asos boʻla olmaydi.
Sud 10 yoshga toʻlgan bolaning ota-onasining qaysi biri bilan yashash istagi borligini ham eʼtiborga olishi mumkin.
Bekobod shahar YUXKM bosh yuriskonsulti D.A.Djurayeva