Янгиликлар
HAM ISHLAB HAM OʻQISAM BOʻLADIMI?
HAM ISHLAB HAM OʻQISAM BOʻLADIMI?
Bir necha yillardan buyon davlat tashkilotida oddiy xodim boʻlib ishlayman. Yaqinda dugonamning maslahati bilan nufuzli universitetga hujjatlarimni topshirib, talabalikka qabul qilindim. Ish joyimdan ajralmagan holda oʻqishimni davom ettirsam boʻladimi?
— Qonunchilikka koʻra, ish beruvchi mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan oʻtayotgan, shuningdek, ishlab chiqarish taʼlimini oʻtayotgan xodimlarga ish va oʻqishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
Shuningdek, mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida tahsil olib, oʻquv rejasini bajarayotgan xodimlarga ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi saqlangan holda oʻquv taʼtili, qisqartirilgan ish haftasi hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan oʻzga kafolatlar beriladi.
Mehnat shartnomasi boʻyicha taʼlim tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqiyotganlarga yillik mehnat taʼtillarini ish beruvchi, ularning xohishiga koʻra, bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga toʻgʻrilab berishi shart.
Yangiyoʻl shahar adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti A.Kazimbayev