Янгиликлар
MEHNAT KODEKSI 314-MODDASIDAGI 1 OYLIK VA 6 OYLIKNI MUDDATNI MISOLLAR BILAN TUSHUNTIRIB BERSANGIZ.
MEHNAT KODEKSI 314-MODDASIDAGI 1 OYLIK VA 6 OYLIKNI MUDDATNI MISOLLAR BILAN TUSHUNTIRIB BERSANGIZ.
Mehnat kodeksi 314-moddasidagi 1 oylik va 6 oylikni muddatni misollar bilan tushuntirib bersangiz.
MK 314-moddasiga koʻra, intizomiy jazo intizomiy qilmish aniqlanganidan keyin darhol, biroq aniqlangan kundan eʻtiboran 1 oydan kechiktirmay qoʻllaniladi, bunda xodim vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlgan yoki taʻtilda boʻlgan davr hisobga olinmaydi. Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma komissiya tomonidan imzolangan kun xizmat tekshiruvi natijalari boʻyicha aniqlangan intizomiy qilmish aniqlangan kun deb hisoblanadi.
Intizomiy jazo intizomiy qilmish sodir etilgan kundan eʻtiboran 6 oydan kechiktirmay, taftish yoki moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish yoxud auditorlik tekshiruvi natijalariga koʻra esa, u sodir etilgan kundan eʻtiboran ikki yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Ushbu muddatlarga jinoyat ishini yuritish vaqti kiritilmaydi.
Diqqat! 1 oylik va 6 oylik muddatlarni chalgʻitmaslik lozim!
1️⃣-holat. Xodim 2-oktyabr kuni ishga mast holatda keldi. Shu kuni intizomiy qilmish aniqlandi, xodimdan tushuntirish xati olindi. Bu holatda intizomiy jazoni darhol, biroq bir oydan kechiktirmay yaʻni 2-noyabrga qadar qoʻllash lozim. Agar bu xodimga 3-noyabrda jazo qoʻllanilsa gʻayriqonuniy boʻladi, chunki 1 oylik muddat oʻtib ketdi (bunda xodim vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlgan yoki taʻtilda boʻlgan davr hisobga olinmaydi).
2️⃣-holat. Xodim 2-oktyabr kuni smena vaqtida uxlab qolgan, lekin buni hech kim bilmagan. Lekin intizomiy qilmish oradan 6 oy oʻtib, masalan, 3-aprel kuni aniqlangan, bu holatda xodimga intizomiy jazo qoʻllab boʻlmaydi, chunki 6 oylik muddat oʻtib ketgan. Bu holatda xodim vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlgan yoki taʻtilda boʻlgan davrning ahamiyati yoʻq, chunki bu davrlar 1 oylik muddatda ahamiyatga ega.
3️⃣-holat. Xodim intizomiy qilmish sodir etdi, lekin buni hech kim bilmadi hamda bu qilmish oradan 5.5 oy oʻtib aniqlandi. Bu holatda ish beruvchi intizomiy jazoni 1 oy ichida emas, balki yarim oy ichida qoʻllash kerak. Sababi agar 1 oy ichida jazo qoʻllaniladigan boʻlsa, 6 oylik muddat oʻtib ketadi.
???? Diqqat! Muddatlarni hisoblashda MK 9-moddasidagi qoidalar ham esdan chiqmasin! Masalan, agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning oxiri muddatning oʻtishi boshlangan oyga nisbatan kunlari koʻproq yoki kamroq boʻlgan oyga toʻgʻri kelsa, muddat tugaydigan oyning oxirgi kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.
Agar muddatning soʻnggi kuni ishlanmaydigan kunga toʻgʻri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.
Yangiyoʻl shahar adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti A.Kazimbayev