Янгиликлар
XODIMGA 1 YOKI 2-GURUH NOGIRONLIK BERILSA, SHARTNOMANI BEKOR QILISH KERAKMI?
XODIMGA 1 YOKI 2-GURUH NOGIRONLIK BERILSA, SHARTNOMANI BEKOR QILISH KERAKMI?
Xodimga 1 yoki 2-guruh nogironlik berilsa, shartnomani bekor qilish kerakmi?
MK 423-431-moddalari nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlariga bagʻishlangan! MK 425-moddasiga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatga oid yakka tartibdagi huquqiy munosabatlarda boshqa xodimlar kabi huquqlarga ega, mehnatni muhofaza qilish sohasida, ish vaqti, taʻtillar va boshqa mehnat shart-sharoitlari borasida esa ular oʻzi uchun qonunchilikda, shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan qoʻshimcha imtiyozlardan foydalanadi.
“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun 42-moddasiga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxs odatdagi mehnat sharoitlariga ega tashkilotlarda, nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatidan foydalanuvchi ixtisoslashtirilgan korxonalarda, sexlarda va uchastkalarda ishlashga, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 20.11.2023-yildagi 26-son “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarori 47-bandiga koʻra, sudlarning eʻtibori shunga qaratilsinki, xodim bajarishi lozim boʻlgan ishni uddalashidan qatʻiy nazar, agar tibbiy xulosaga koʻra xodim ushbu ishni bajarishi toʻgʻri kelmasa yoki mehnat jamoasi aʻzolari yoxud ular xizmat qiladigan fuqarolar uchun xavf tugʻdirsagina, mehnat shartnomasini sogʻligʻi holatiga koʻra bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Agar xodim unga topshirilgan ishni uddalasa, tibbiy xulosaga koʻra sogʻligʻining yomonlashuvi, shuningdek xodimga nogironlik berilishi, mehnat shartnomasini MK 143-moddasining ikkinchi qismi bilan bekor qilish uchun yetarli sabab boʻlib hisoblanmaydi.
Sudlar tibbiy xulosada xodimning mehnatga layoqatlilik darajasi qanday belgilanganligini alohida tekshirishlari zarur. Agar berilgan tibbiy xulosada xodim mehnat faoliyatiga toʻliq qobiliyatsiz deb eʻtirof etilgan boʻlsa, mehnat shartnomasi taraflarning xohish-irodasiga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra MK 168-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan bekor qilinadi.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, xodimga nogironlik berilishi mehnat shartnomasini bekor qilish uchun yetarli sabab boʻlib hisoblanmaydi. Qachonki agar tibbiy xulosaga koʻra xodim ushbu ishni bajarishi toʻgʻri kelmasa yoki mehnat jamoasi aʻzolari yoxud ular xizmat qiladigan fuqarolar uchun xavf tugʻdirsagina, mehnat shartnomasini sogʻligʻi holatiga koʻra bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Yangiyoʻl shahar adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti A.Kazimbayev