Янгиликлар
Huquqshunosga savol: Mehnat-huquqiy munosabatlarda ayol xodimlarga beriladigan kafolatlar boʻyicha malumot bersangiz.
Huquqshunosga savol:
Mehnat-huquqiy munosabatlarda ayol xodimlarga beriladigan kafolatlar boʻyicha malumot bersangiz.
Qonunchilikda ayollarga bir qator imtiyozlar berilgan boʻlib, ularning aksariyati mehnat qilish boʻyicha huquqlarni taʼminlashga qaratilgan. Bular:
1. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador ayolni yoki uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda maʼlum qilishi shart.
2. Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat koʻrsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkaziladi. Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsiridan holi boʻlgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.
3. Ikki yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar avvalgi ishidagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkaziladi.
4. Homilador ayollarni va oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
5. Uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga oʻttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.
6. Homilador ayolning, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayolning, shu jumladan homiyligida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob aʼzosini parvarish qilish bilan band boʻlgan shaxsning iltimosiga koʻra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi belgilashga majburdir.
7. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta va undan ortiq bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolgʻiz ota, yolgʻiz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolgʻiz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik taʼtillar, ularning xohishiga koʻra yoz vaqtida yoki ular uchun qulay boʻlgan boshqa vaqtda beriladi.
8. Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam boʻlmagan muddat bilan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi. Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga ularning xohishiga koʻra, har yili oʻn toʻrt kalendar kundan kam boʻlmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda taʼtil beriladi. Bunday taʼtil yillik taʼtilga qoʻshib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda undan alohida (toʻliq yoxud qismlarga boʻlib) foydalanilishi mumkin.
Bekobod shaxar Adliya boʻlimi yuridik
xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi N.U.Tursunov