Янгиликлар
Huquqshunosga savol: Jamoa shartnomalari va kelishuvlarining tushunchasi va maqsadini muhokama qiling.
Huquqshunosga savol:
Jamoa shartnomalari va kelishuvlarining tushunchasi va maqsadini muhokama qiling.
Jamoa shartnomasi xodimlar hamda ish beruvchilarning ijtimoiy sherikchiligi yoʻli bilan korxonalardagi mehnat munosabatlarini tartibga solish vositasi sifatida bir tomondan, korxonani idora qilishdagi ish beruvchi avtonomligini, ikkinchidan esa, xodimlar jamoasining ham korxonani boshqarishda ishtirok eta olish huquqlari roʻyobga chiqarilishini anglatadi. Hozirgi kunda jamoa shartnomasi lokal-huquqiy akt, korxona darajasida mehnaga oid munosabatlarni tartibga soluvchi “oʻziga hos kodeks” tusini olib bormoqda.
Jamoa shartnomasi huquq ijodkorligi koʻrinishlaridan biri sifatida lokal-normativ yoʻl bilan mehnat sharoitlarini oʻrnatish vazifasini bajaradi. Jamoa shartnomasi korxonada ish beruvchi bilan xodimlar oʻrtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatdir. Jamoa shartnomasi oʻzining mazmuni va funksiyalariga koʻra oddiy fuqarolik huquqiy bitimlardan farq qiladi, chunki undan koʻzlangan maqsad ikki tarafda Oʻzbekiston Respublikasi huquq va majburiyatlar tugʻdirishgagina qaratilgan emas, jamoa shartnomasi korxonada yuz beruvchi koʻpchilik oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni davlat huquqiy tizimidan tashqarida turgan holda tartibga solishga, xodimlar va ish beruvchi uchun majburiy boʻlgan “oʻyin qoidalari”ni joriy qilishga, bu qoidalarga rioya etilishini kuzatib borishga, bajarilishini taʼminlashga qaratilgan bitimdir. Jamoa shartnomasining qoidalari nafaqat uning taraflari sanaluvchi shaxslarga, balki unga aloqasi boʻlmaganlarga ham tatbiq qilinadi (masalan, shartnoma qabul qilib boʻlinganidan soʻng ishga kirgan yangi xodimlarga, korxonada mehnat bitimiga assan mehnat qiluvchilarga, vafot etgan xodimning oila aʼzolariga, korxonada ishlab pensiyaga chiqqan faxriylarga va hokazo).
Jamoa kelishuvi muayyan kasb, tarmoq, hudud xodimlari uchun mehnat shartlari, ish bilan taʼminlash va ijtimoiy kafolatlar belgilash borasidagi majburiyatlarni oʻz ichiga oluvchi normativ hujjat sanaladi. Jamoa kelishuvi jamoa shartnomasidan farqli ravishda bir korxona miqyosida emas, balki kattaroq miqyosda (hudud, tarmoq) amal qiladi va oʻz ahamiyati jihatdan muhim boʻlgan ijtimoiy sherikchilik munosabatlarini katta hududda (bir necha yuzlab, hatto minglab korxona doirasida tartibga soladi. Jamoa shartnomaviy tartibga solish vositasi sifatida jamoa shartnomasi va kelishuvlari mehnat huquqining umumiy qismiga taalluqli sanaladi, chuni ular vositasida mehnat huquqining barcha institutlariga oid qoidalar va normalar kompleks holda joriy qilinadi. Jamoa shartnomalarida korxonaning idoraviy boʻysunishi, mulkchilik shakli, ish yuritish usulidan qatʼi nazar, mehnat shart-sharoitlari belgilanadi va mehnat sharoitlarini belgilovchi yuridik hujjat boʻlib xizmat qiladi. Jamoa shartnomasi oʻz mazmuniga koʻra qonun talablariga mos boʻlishi lozim va unda xodimlar ahvolini mehnat qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan yomonlashtiruvchi normalar belgilanishi mumkin emas.
Bekobod shaxar Adliya boʻlimi yuridik
xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi N.U.Tursunov