Янгиликлар
Huquqshunosga savol: Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari boʻyicha tushintirish bersangiz?.
Huquqshunosga savol:
Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari boʻyicha tushintirish bersangiz?.
Mehnat shartnomasi – koʻp qirrali ahamiyatga ega boʻlgan yuridik hujjat sifatida taʼriflanmogʻi kerak. Bunda eng avvalo uning huquqiy muhofaza funksiyasiga ega ekanligi diqqat markazida saqlanmogʻi kerak. Mehnat shartnomasi kelgusida vujudga kelishi mumkin boʻlgan ixtilof va tortishuvlarni hal etishga kalit boʻladigan vositadir va nizoni muxokama qilayotgan organ eng avvalo, mehnat shartnomasi mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda masalaga yondoshishi va uning qoidalariga tayangani holda qaror qabul qilishi lozim.
Mehnat shartnomasi – xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim boʻyicha mehnat majburiyatlarini ichki mehnat tartibiga amal qilgan holda haq evaziga bajarishidan iboratdir.
Mehnat shartnomasi shaxslar oʻrtasida huquqiy munosabat yuzaga keltirish asosi sifatida boshqa fuqarolik huquqiy xususiy shartnomalar bilan aynandir.Konstitutsiyaning 37-moddasi bilan fuqarolarga berilgan mehnat qilish huquqlarini amalga oshirish, yollanma mehnat qilish huquqining asosiy tashkiliy huquqiy shakli – fuqaro bilan ish beruvchi oʻrtasida tuziladigan mehnat shartnomasi boʻlib, Mehnat Kodeksining 111-moddasida keltirilgan rasmiy tarifga koʻra: «Mehnat shartnomasi xodim bilan ish beruvchi oʻrtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim boʻyicha ishni ichki mehnat tartibiga boʻysungan holda taraflar kelishuvi, shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan shartlar asosida haq evaziga bajarish haqidagi kelishuvdir». Biroq, ushbu rasmiy tarif mehnat shartnomasiga xos barcha jihatlarni qamrab ololmaydi. Chunki mehnat huquqi nazariyasi mehnat shartnomasiga fuqarolar mehnat qilish huquqlarini roʻyobga chiqarilish shakli, mehnat munosabatlari yuzaga kelishi va amalga oshishi asosi hamda mehnat huquqi fani institutlaridan biri sifatidagina emas, balki xodim bilan ish beruvchi oʻrtasida yuz bergan yuridik fakt, ushbu faktni oʻzida qayd etuvchi yozma hujjat hamda mehnat munosabati taraflarning qonuniy huquq va manfaatlarini muhofazalashning yuridik vositasi sifatida ham qaraydi. Mehnat shartnomasi tuzilishi vositasida xodim va ish beruvchining oʻzaro munosabatlari individuallashtiriladi hamda huquqiy tartibga solinadi. Faqat mehnat shartnomasi tuzilishi yoʻli bilangina fuqaro xodim maqomini oladi, mehnat jamoasiga qoʻshiladi, korxona lokal meʼyoriy hujjatlari, ichki mehnat tartibi qoidalari, mehnat qonunlari toʻla hajmda unga tatbiq etila boshlanadi. Mehnat qonunlari ishga qabul qilishni huquqiy jihatdan tartibga solar ekan, ish turi, joyi va kasb-korini tanlash erkinligi, mehnat huquqlarining amalga oshirilishida barcha fuqarolarning oʻzaro teng ekanliklari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi tabaqalarini davlat qoʻllab-quvvatlashining amalga oshirilishi kabi qoidalariga asoslanadi. Mehnat shartnomasi xususiy huquqiy shartnomalarning bir turi sifatida shartnomalarga xos boʻlgan barcha xususiyatlarni oʻzida aks ettiradi va uning taraflari oʻrtasidagi oʻzaro huquqiy munosabat, huquqlar va majburiyatlar mazmunini ifodalaydi. Mehnat shartnomasini tasniflanishida uning amal qilish muddati muhim mezonlardan sanaladi va shunga koʻra mehnat shartnomalari nomuayyan (muddati koʻrsatilmagan holda) muddatga tuziladigan va muddatli mehnat shartnomalariga boʻlinadi. Mehnat shartnomasi unda ishtirok etayotgan taraflarning, birinchi navbatda xodimning manfaatlarini real va samarali tarzda taʼminlash maqsadida faqat yozma ravishda tuzilishi lozim.
Bekobod shaxar Adliya boʻlimi yuridik
xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi N.U.Tursunov