Янгиликлар
Huquqshunosga savol: Imtiyozli shartlarda pensiya olish boʻyicha tushintirish bersangiz?
Huquqshunosga savol:
Imtiyozli shartlarda pensiya olish boʻyicha tushintirish bersangiz?
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning Davlat pensiya taminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxatlarga muvofiq fuqarolarning ayrim toifalari imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega boʻladilar, chunonchi:
Yoshidan qatʼi nazar pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning 1-sonli roʻyxati;
Umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning 2-sonli roʻyxati;
Umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, vazifalar va koʻrsatkichlarning 3-sonli roʻyxati.
Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga urush nogironlari, bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandlarning onalari, liliputlar va pakanalar ham ega. Shuningdek, yoshidan qatiy nazar, quyidagilar imtiyozli pensiya olish huquqiga ega boʻladilar:
a) kon sanoatidagi yetakchi kasb egalari boʻlgan xodimlar — basharti, ular ana shu ishlarda kamida 20 yil ishlagan boʻlsalar (1-sonli roʻyxat, I qism);
b) bevosita yerosti va ochiq kon ishlarida (shu jumladan, kon-qutqaruv qismlarining shaxsiy tarkibi) koʻmir, maʼdanlar va boshqa foydali qazilmalarni qazib olishda, shaxtalar va konlar qurilishida toʻliq ish kuni davomida band boʻlgan xodimlar — basharti, ular ana shu ishlarda kamida 25 yil ishlagan boʻlsalar (1-sonli roʻyxat, II qism);
v) uchuvchilar va uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlar, ular xizmat qilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, belgilangan xizmat muddatini ana shu lavozimlarda erkaklar kamida 25 yil va ayollar kamida 20 yil ado etganlari taqdirda (1-sonli roʻyxat, III qism).
Yuqorida qayd etib oʻtilgan xodimlar salomatligiga (kasalligiga) koʻra uchish ishlaridan boʻshatilgan taqdirda, belgilangan xizmat muddatini — erkaklar kamida 20 yil va ayollar kamida 15 yil ado etgan boʻlsalar;
g) teatrlar va boshqa teatr-tomosha korxonalari artistlarining ayrim toifalari:
ijodiy ish staji kamida 20 yil boʻlganda (1-sonli roʻyxat, IV qism);
ijodiy ish staji kamida 25 yil boʻlganda (1-sonli roʻyxat, V qism);
ijodiy ish staji kamida 30 yil boʻlganda (1-sonli roʻyxat,VI qism);
d) sportchilarning ayrim toifalari — ish staji kamida 20 yil boʻlganda (1-sonli roʻyxat, VII qism).
Bekobod shaxar Adliya boʻlimi
YUXKM boshligʻi Nizomiddin Tursunov