Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

Nikoh shartnomasi tushunchasi va huquqiy asoslari


Nikoh shartnomasi tushunchasi va huquqiy asoslari

Nikoh shartnomasi – fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma boʻlib, taraflarning erk-irodasiga asoslanadigan kelishuv hisoblanadi va unga nisbatan ham shartnoma tuzish erkinligi tamoyili qoʻllaniladi. Boshqacha aytganda, er va xotindan biri boshqasini nikoh shartnomasi tuzishga majburlashiga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu sababli nikoh shartnomasini tuzish yoki uni tuzishni rad etish masalasini er yoki xotin va nikohlanuvchi shaxslar ixtiyoriy va mustaqil hal qiladilar, binobarin bu ularning majburiyati emas, balki huquqidir. Ayni paytda, nikoh shartnomasini tuzish erkinligi tamoyili amal qiladi, yaʼni nikoh shartnomasida er-xotinning umumiy xohishi, yaʼni ularning yagona erki ifodalanishi lozim. Mazkur tamoyil nikoh shartnomasini tuzishda erk kategoriyasi mavjud boʻlishini tavsiflaydi hamda fuqarolik qonunchiligi normalarini nikoh shartnomasiga qoʻllanilishi tamoyilini asoslaydi. Xususan, fuqarolik qonunchiligiga muvofiq, aldash, zoʻrlik ishlatish, qoʻrqitish, shuningdek fuqaro ogʻir holatlar yuz berishi tufayli oʻzi uchun oʻta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur boʻlgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qolgan bitim (asoratli bitim)ga nisbatan bitimning haqiqiy emasligi qoidasi qoʻllaniladi, bunday bitim jabrlanuvchining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin (Fuqarolik kodeksining 123-moddasi).

Zamonaviy huquqda nikoh shartnomasi atamasi koʻpchilik holatlarda, birinchi navbatda, avvalo aholining iqtisodiy jihatdan yaxshi taʼminlangan qatlami oʻrtasida keng tarqalgan oilani, er-xotinlar oʻrtasidagi munosabatlarni tashkil etishning gʻarbcha uslubi sifatida koʻriladi. Darhaqiqat, nikoh shartnomasi koʻpchilik holatlarda iqtisodiy jihatdan yaxshi taʼminlangan aholining unchalik koʻp boʻlmagan qatlami uchun moʻljallangan va shu sababli aholining koʻpchilik qismi uchun unchalik qiziqish uygʻotmaydi. Biroq zamonaviy dunyoning haqiqiy holati shundan dalolat beradiki, oʻrtahol qatlam vakillarining koʻpchiligi nikohga kirishar ekan, nikoh shartnomasi tuzishadi. Buning asosiy sabablaridan biri ajralishlar sonining koʻpligi va oʻzini omadsiz nikoh natijasidagi maʼnaviy yoʻqotishlardan boʻlmasa-da, moddiy yoʻqotishlardan sugʻurtalash istagida boʻlgan kishilarning mavjudligi hisoblanadi.

Nikoh shartnomasiga nisbatan eʼtiborli munosabat nikoh tugaguncha va hattoki undan keyin ham mulkiy huquqlarni kafolatlash imkonini beradi. Har qanday holatda ham, nikoh shartnomasi sudda mol-mulkni boʻlishda vujudga keladigan muammolarning oldini olishga yordam beradi. Hayotdagi shart-sharoitlar va shu bilan bogʻliq holda amaldagi huquq normalariga muvofiq kishilar xulq-atvorining doimo oʻzgarib borishi, shuningdek mazkur sohadagi koʻp yillik tajriba nikohga nisbatan kutilmagan hayotiy vaziyatlardan kafolatni taʼminlovchi oqilona yondashuv – er va xotin umumiy mulkining shartnomaviy tartibini belgilashni taqozo etdi.

Nikoh shartnomasi er va xotin oʻrtasidagi mulkiy huquq va majburiyatlarni nazarda tutadigan kelishuv hisoblanadi va bu huquq va majburiyatlar nikoh davomida ham, er va xotin nikohdan ajralgandan keyin ham amal qilishi mumkin.

Oila kodeksining 30-moddasiga koʻra, nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. Nikoh davlat roʻyxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Nikoh shartnomasi nafaqat nikoh davrida, balki hali nikoh davlat roʻyxatiga olinguniga qadar ham tuziladi. Bunda nikohga kirishayotgan shaxslar nikoh shartnomasini nikoh bilan bir vaqtda rasmiylashtirishlari mumkin. Agar nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan ancha muddat avval tuzilgan boʻlsa, ushbu shartnoma nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.

Nikoh shartnomasini notarial tasdiqlash uning qonuniyligini kafolatlaydi. Notarial shakl shartnomaning ishonchliligini anglatadi, taraflarning oʻzaro munosabatlariga aniq-ravshanlik kiritadi, nikoh shartnomasi tuzilganligi fakti va uning mazmuni boʻyicha nizolar vujudga kelishining oldini oladi.

Bekobod shahar YUXKM bosh yuristkonsulti             D.A.Djurayeva