Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

31

Xodimning arizasi majburan yoki aldab yozdirib olinganda, qayta ishga tiklanish uchun qanday yo‘l tutish mumkin?


Xodimning arizasi majburan yoki aldab yozdirib olinganda, qayta ishga tiklanish uchun qanday yo‘l tutish mumkin?

 

Xodimning arizasini majburan olib, uni ishdan bo‘shatish noqonuniy.

 

Mehnat kodeksining 160-moddasiga asosan xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini o‘n to‘rt kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli.

 

Bunda xodim o‘zi bergan arizani chaqirib olishga haqlidir.

 

Xodim arizani o‘z tashabbusi bilan (o‘z xohishi bilan) yozadi. Agar ish beruvchi arizani boshqa har qanday usulda olsa, unda xodimda ishga tiklanish huquqi paydo bo‘ladi.

 

Qarang! Oliy sudi plenumining 20.11.2023 yildagi 26-son “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 11-bandiga binoan mehnat shartnomasini bekor qilishga faqat xodimning yozma arizasi asos bo‘lib, u haqiqatdan uning mehnat munosabatlarini bekor qilish to‘g‘risidagi xohish-istagini namoyon etishi lozim.

 

Bunda qaror 20-bandiga ko‘ra qonunda belgilangan yoki xodim va ish beruvchi kelishuviga ko‘ra qisqartirilgan ogohlantirish muddati davomida xodim mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida buyruq chiqarilgan bo‘lishidan qat’iy nazar arizasini qaytarib olishga haqli.

 

Shunday ekan sizda arizani qaytarib olish huquqi mavjud.

 

Ishdan bo‘shatish haqida buyruq chiqarishda esa ish beruvchi telefondagi rasmni emas, aksincha arizaning asl nusxasini olishi kerak.

 

Mehnat shartnomasini bekor qilishga xodim shu tashkilotdagi ishni haqiqatda tashlab ketish istagini bildirgan yozma arizasiga binoan yo‘l qo‘yiladi (Qaror 21-bandi).

 

Bunda sudlarning e’tibori, xodimni ariza yozishga nafaqat majburlash, bosim yoki tazyiq o‘tkazish, balki xodimda mehnat munosabatlarini tugatish istagi bo‘lmay turib, ish beruvchi tomonidan uni ariza yozishga faol ravishda undash harakatlari ham qistov sifatida baholanishi lozimligiga qaratilsin.

 

Muddat masalasiga kelsak, muddat o‘tgan bo‘lsa, unda uzrli sababga ko‘ra muddatni o‘tkazib yuborganingiz va muddatni tiklash haqida sudga iltimosnoma kiritishingiz mumkin.

 

Chinoz tumani adliya bo’limi

YUXKM boshlig’i                                                       R.Galiyev

 

10.10.2024 yil