Янгиликлар
BARCHA IJTIMOIY TOʻLOVLAR - "IJTIMOIY KARTA" AXBOROT TIZIMI ORQALI
BARCHA IJTIMOIY TOʻLOVLAR - "IJTIMOIY KARTA" AXBOROT TIZIMI ORQALI
Prezidentning 18.07.2024-yildagi "Aholiga davlat ijtimoiy koʻmagini koʻrsatish tartibini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida"gi PQ-267-sonli qarori qabul qilindi.
Prezidentning 1.06.2023-yildagi PF-82-son Farmoniga muvofiq, aholiga barcha ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini IT asosida taqdim etishga oʻtishning asosiy yoʻnalishlari quyidagicha belgilandi:
"Ijtimoiy karta" ATni (axborot tizimi) joriy etish orqali ijtimoiy toʻlovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlarini bosqichma-bosqich toʻliq avtomatlashtirish;
ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar toifalari tomonidan ijtimoiy xizmatlar, yordam va toʻlovlarni olish uchun hujjatlar yigʻish zaruratini bekor qilish;
davlat ijtimoiy koʻmagini manzilli, qisqa muddatda, masofadan va proaktiv tarzda olish imkoniyatini yaratish;
ijtimoiy sugʻurtani joriy etish doirasida raqamli xizmatlarni rivojlantirish hisobiga davlat va tadbirkorlik subʻyektlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni soddalashtirish;
respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahalla darajalarida davlat ijtimoiy koʻmagini koʻrsatuvchi davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish.
"Ijtimoiy karta" ATdan foydalangan holda ijtimoiy karta orqali aholiga quyidagilar taqdim etiladi:
a) 2024-yil 1-dekabrdan yangi tayinlanadigan ijtimoiy toʻlovlar, xizmatlar va imtiyozlar, shu jumladan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan vaucherlar qiymatida protez-ortopedik buyumlar va reabilitatsiya texnik vositalarini xarid qilish;
b) 2025-yil 1-apreldan bosqichma-bosqich:
nogironlik toʻgʻrisidagi maʻlumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, oʻquvchi guvohnomalari, urush qatnashchisi yoki unga tenglashtirilgan shaxs guvohnomalarining qogʻoz shakllari bekor qilinib, ularning oʻrniga ijtimoiy karta joriy etiladi;
nogironligi boʻlgan shaxslar va imkoniyati cheklangan shaxslar, shuningdek ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega boʻlgan aholining boshqa toifalari uchun jamoat avtomobil, temir yoʻl, avia va daryo transporti, chiziqli taksi xizmatlaridan foydalanish boʻyicha imtiyozlar taqdim etiladi;
davlat ijtimoiy obʻyektlariga, konsert-tomosha va boshqa tadbirlarga bepul yoki qisman toʻlov bilan tashrif buyurish uchun imtiyozlar joriy etiladi, bunday obʻyektlarga kirish chipta operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadi.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-iyuldan boshlab xuddi shunday tartibda "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan jismoniy shaxslarga qonunchilikda belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda belgilangan miqdor doirasida toʻlangan QQS summasi bir ish kuni ichida qaytariladi.
Bunda soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali bunday xarid uchun matritsali shtrix-kod yordamida xarid chekining fiskal belgisini skanerlash talab etilmaydi.
2025-yil 1-oktyabrdan boshlab ijtimoiy karta orqali fuqarolarga barcha davlat organlari va byudjet mablagʻlari hisobidan faoliyat yurituvchi tashkilotlar tomonidan byudjet mablagʻlari hisobidan ijtimoiy xizmatlar va yordam, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar taqdim etiladi.
Hujjatda shuningdek 2025-yil 1-oktyabrdan pensiya oluvchi shaxslarga oʻz xohishlariga koʻra yoshi, nogironligi va boquvchisini yoʻqotganligi boʻyicha pensiyalarni olish huquqini berish nazarda tutilgan.
Ijtimoiy karta Milliy ijtimoiy himoya agentligi tomonidan Oʻzbekiston fuqarolariga, respublika hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga beriladi hamda oʻzgartirilmaydigan noyob shaxsiy raqamni oʻz ichiga oladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
"Ijtimoiy karta" axborot tizimining dasturiy-apparat kompleksini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;
"Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimini "Elektron hukumat" idoralararo integratsiya platformasi bilan integratsiya qilish yoʻli bilan axborot almashinuviga tegishli davlat maʻlumotlari toʻplamlari roʻyxati.
Oʻrta Chirchiq tumani yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Ibragimov