Янгиликлар
TIEKLARNING ISHI KPI ASOSIY SAMARADORLIK KOʻRSATKICHLARI BOʻYICHA BAHOLANADI
TIEKLARNING ISHI KPI ASOSIY SAMARADORLIK KOʻRSATKICHLARI BOʻYICHA BAHOLANADI
Prezidentning 16.07.2024-yildagi "Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-257-sonli qarori bilan tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligini oshirish koʻzda tutilgan.
2025-yil 1-apreldan boshlab Sogʻliqni saqlash vazirligi:
tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) mutaxassislarining nogironlikni belgilashning yangi tartibi boʻyicha malakasini oshirish choralarini koʻradi;
oilaviy shifokorlarni fuqarolarning tibbiy hujjatlarini TIEKka oʻz vaqtida va sifatli yuborish natijalaridan kelib chiqib ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish tizimini joriy etadi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligini oshirish uchun hujjatda 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab quyidagilar koʻzda tutilmoqda:
TIEK xodimlarini ularning faoliyatining asosiy samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) bajarishidan kelib chiqib, Agentlik huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish tizimini joriy etish;
ixtisoslashtirilgan (ruhiy, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlarni tugatib, ularning vazifalari va shtat birliklarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlariga oʻtkazish;
tugatilayotgan ixtisoslashtirilgan TIEKlar shtat birliklari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlariga "pediatr", "ruhshunos" va "ftiziatr" shtat birliklarini ajratish.
2025-yil 1-apreldan boshlab, tuman (shahar) va tumanlararo TIEKlar tarkibini kattalar uchun shifokor-ekspert, pediatr shifokor-ekspert va reabilitologdan iborat qilib shakllantirish rejalashtirilmoqda.
2025-yil 1-aprelgacha nogironligi boʻlgan shaxslarni ularning nogironlik toifasi va yoshidan kelib chiqib kasbiy, taʻlim va sport yoʻnalishiga yoʻnaltirish tartibini ishlab chiqish masʻuliyati quyidagi vazirlik va idoralarga yuklanadi:
Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirligi - tarbiya va taʻlim yoʻnalishi uchun;
Oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vazirligi - kasblarga tayyorlash va kasbga yoʻnaltirish uchun;
Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi - bandlikni taʻminlash uchun;
Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi - ommaviy sport va parasportga yoʻnaltirish uchun.
Oʻrta Chirchiq tumani yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Ibragimov