Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Huquqshunosga savol: Jamoa shartnomalari va kelishuvlari toʻgʻrisida tushuncha bersangiz.


Huquqshunosga savol:

Jamoa shartnomalari va kelishuvlari toʻgʻrisida tushuncha bersangiz.

Javob: Jamoa shartnomasi xodimlar hamda ish beruvchilarning ijtimoiy sherikchiligi yoʻli bilan korxonalardagi mehnat munosabatlarini tartibga solish vositasi sifatida bir tomondan, korxonani idora qilishdagi ish beruvchi avtonomligini, ikkinchidan esa, xodimlar jamoasining ham korxonani boshqarishda ishtirok eta olish huquqlari roʻyobga chiqarilishini anglatadi. Hozirgi kunda jamoa shartnomasi lokal-huquqiy akt, korxona darajasida mehnaga oid munosabatlarni tartibga soluvchi “oʻziga hos kodeks” tusini olib bormoqda. Jamoa shartnomasi huquq ijodkorligi koʻrinishlaridan biri sifatida lokal-normativ yoʻl bilan mehnat sharoitlarini oʻrnatish vazifasini bajaradi. Jamoa shartnomasi korxonada ish beruvchi bilan xodimlar oʻrtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatdir. Jamoa shartnomasi oʻzining mazmuni va funksiyalariga koʻra oddiy fuqarolik huquqiy bitimlardan farq qiladi, chunki undan koʻzlangan maqsad ikki tarafda Oʻzbekiston Respublikasi huquq va majburiyatlar tugʻdirishgagina qaratilgan emas, jamoa shartnomasi korxonada yuz beruvchi koʻpchilik oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni davlat huquqiy tizimidan tashqarida turgan holda tartibga solishga, xodimlar va ish beruvchi uchun majburiy boʻlgan “oʻyin qoidalari”ni joriy qilishga, bu qoidalarga rioya etilishini kuzatib borishga, bajarilishini taʼminlashga qaratilgan bitimdir. Jamoa shartnomasining qoidalari nafaqat uning taraflari sanaluvchi shaxslarga, balki unga aloqasi boʻlmaganlarga ham tatbiq qilinadi (masalan, shartnoma qabul qilib boʻlinganidan soʻng ishga kirgan yangi xodimlarga, korxonada mehnat bitimiga assan mehnat qiluvchilarga, vafot etgan xodimning oila aʼzolariga, korxonada ishlab pensiyaga chiqqan faxriylarga va hokazo). Jamoa kelishuvi muayyan kasb, tarmoq, hudud xodimlari uchun mehnat shartlari, ish bilan taʼminlash va ijtimoiy kafolatlar belgilash borasidagi majburiyatlarni oʻz ichiga oluvchi normativ hujjat sanaladi. Jamoa kelishuvi jamoa shartnomasidan farqli ravishda bir korxona miqyosida emas, balki kattaroq miqyosda (hudud, tarmoq) amal qiladi va oʻz ahamiyati jihatdan muhim boʻlgan ijtimoiy sherikchilik munosabatlarini katta hududda (bir necha yuzlab, hatto minglab korxona doirasida tartibga soladi. Jamoa shartnomaviy tartibga solish vositasi sifatida jamoa shartnomasi va kelishuvlari mehnat huquqining umumiy qismiga taalluqli sanaladi, chuni ular vositasida mehnat huquqining barcha institutlariga oid qoidalar va normalar kompleks holda joriy qilinadi. Jamoa shartnomalarida korxonaning idoraviy boʻysunishi, mulkchilik shakli, ish yuritish usulidan qatʼi nazar, mehnat shart-sharoitlari belgilanadi va mehnat sharoitlarini belgilovchi yuridik hujjat boʻlib xizmat qiladi.

Jamoa shartnomasi oʻz mazmuniga koʻra qonun talablariga mos boʻlishi lozim va unda xodimlar ahvolini mehnat qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan yomonlashtiruvchi normalar belgilanishi mumkin emas, chunki Mehnat kodeksining 5-moddasiga koʻra mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning xodimlar ahvolini mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar hamda boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtiradigan shartlari haqiqiy emas. Jamoa shartnomasi ijtimoiy sherikchilikka oid mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi normativ hujjat sifatida mulkchilik shakli, xoʻjalik yuritish usuli, qaysi tarmoqqa mansubligidan qatʼi nazar, barcha turdagi korxona va tashkilotlarda tuzilishi mumkin. Mehnat kodeksining 36-moddasiga koʻra, jamoa shartnomasi, bir tarafdan, xodimlar tomonidan kasaba uyushmalari yoki oʻzlari vakolat bergan boshqa vakillik organlari orqali, ikkinchi tarafdan bevosita ish beruvchi yoki u vakolat bergan vakillar tomonidan tuziladi. Yuqoridagi norma jamoa shartnomasi ikki taraf: ish beruvchi hamda xodimlar vakillik organlari oʻrtasida tuzilishini nazarda tutadi.   Mehnat qonunchiligi (Mehnat kodeksi va boshqa mehnatga oid qonun hujjatlari, kasaba uyushmalari faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar va boshqa qonun hujjatlari) jamoa shartnomasi taraflarining shartnoma ishtirokchisi sifatidagi yuridik maqomini (vakolatlari va majburiyatlarini) belgilab beradi. Ish beruvchi bilan jamoa shartnomasini tuzish zarurligi haqida qaror qabul qilish huquqi kasaba uyushmasiga, xodimlar tomonidan vakolat berilgan boshqa vakillik organiga yoki bevosita mehnat jamoasining umumiy yigʻilishi (konferensiyasi)ga berilgandir. Jamoa shartnomalari korxonalarda, ularning yuridik shaxs huquqi berilgan tarkibiy boʻlinmalarida tuziladi. Mehnat kodeksining 31-moddasiga koʻra har qaysi taraf jamoa shartnomasi, kelishuvini tuzish va oʻzgartirish yuzasidan muzokaralar olib borish tashabbusi bilan chiqishga haqlidir. Kasaba uyushmasi, xodimlarning boshqa vakillik organi oʻzlarini vakil qilgan xodimlar nomidan muzokaralar olib borish, jamoa shartnomasiga, kelishuviga oʻzlarini vakil qilgan xodimlarning manfaatlarini himoya qiluvchi ilovalar taklif etish va ularni imzolashga haqlidir. Jamoa shartnomasi, kelishuvini tuzish, oʻzgartirish va toʻldirish uchun ish beruvchi, ish beruvchilar birlashmasi (ularning vakillari) bilan kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari oʻrtasida muzokaralar olib boriladi. Zarur hollarda muzokaralarda ijro etuvchi hokimiyat organlari ishtirok etadilar. Ish beruvchilar, ijro etuvchi hokimiyat organlari kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari koʻrib chiqish uchun taklif etgan mehnatga oid va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan muzokaralar olib borishga majburdirlar. Tegishli yozma xabar olgan taraf yetti kunlik muhlat ichida muzokaralarga kirishishi shart. Avvalgi jamoa shartnomasi, kelishuvining amal qilish muddati tugashiga qadar uch oy mobaynida yoki bu hujjatlar bilan belgilab qoʻyilgan muddatda har qaysi taraf boshqa tarafga yangi jamoa shartnomasini, kelishuvini tuzish yuzasidan muzokaralar boshlash toʻgʻrisida yozma xabar berishga haqlidir. Jamoa shartnomasining loyihasi korxonaning boʻlinmalarida xodimlar tomonidan muhokama qilinishi kerak va u bildirilgan fikr va takliflar hisobga olingan holda ishlab takomiliga yetkaziladi. Ishlab takomiliga yetkazilgan loyiha mehnat jamoasining umumiy yigʻilishi (konferensiyasi) muhokamasiga qoʻyiladi. Muzokaralar olib borish va jamoa shartnomasi, kelishuvining loyihasini tayyorlash uchun taraflar teng huquqlilik asosida tegishli vakolatlarga ega boʻlgan vakillardan iborat komissiya tuzadilar. Komissiyaning tarkibi, muzokaralarning muddati, oʻtkaziladigan joyi va kun tartibi taraflar qarori bilan belgilanadi. Muzokaralarda ishtirok etayotgan taraflarga jamoa shartnomasi, kelishuvining mazmunini tashkil etuvchi masalalarni tanlash va muhokama qilishda toʻla erkinlik beriladi. Ish beruvchilar va ularning birlashmalari, ijro etuvchi hokimiyat organlari kasaba uyushmalariga, xodimlarning boshqa vakillik organlariga muzokaralar uchun oʻzlaridagi zarur maʼlumotlarni berishlari shart. Muzokaralarning qatnashchilari, muzokara olib borish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa shaxslar, basharti oʻzlari olgan maʼlumotlar davlat yoki tijorat siri boʻlsa, ularni oshkor qilmasliklari kerak. Bu maʼlumotlarni oshkor qilgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar. Jamoa shartnomasida korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda boshqa shartlar, shu jumladan, qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan normalar va qoidalarda koʻrsatilganiga qaraganda imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qoʻshimcha taʼtillar, pensiyalarga tayinlanadigan ustamalar, muddatdan ilgari pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlari uchun kompensatsiyalar, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning bolalarini maktabda va maktabgacha tarbiya muassasalarida tekin yoki qisman haq toʻlanadigan tarzda ovqatlantirish, boshqa qoʻshimcha imtiyoz va kompensatsiyalar) ham kiritilishi mumkin. Basharti, amaldagi qonunlarda normativ tusdagi qoidalar jamoa shartnomasida, albatta, mustahkamlab qoʻyilishi shart deb bevosita koʻrsatma berilgan boʻlsa, bunday qoidalar jamoa shartnomasiga kiritiladi. Jamoa sharntnomasini muhokama qilish va qabul qilish huquqi korxona mehnat jamoasi umumiy majlisi (konferensiyasi)ga berilgan boʻlib, Mehnat jamoasining yigʻilishi unda xodimlarning yarmidan koʻprogʻi ishtirok etgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Mehnat jamoasining konferensiyasi basharti unda delegatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Jamoa shartnomasi basharti uni umumiy yigʻilishda (konferensiyada) ishtirok etayotganlarning ellik foizidan koʻprogʻi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, maʼqullangan hisoblanadi. Agar jamoa shartnomasining loyihasi maʼqullanmasa, taraflarning vakillari uni umumiy yigʻilishda (konferensiyada) bildirilgan taklif-istaklarni eʼtiborga olgan holda ishlab takomiliga yetkazadilar hamda oʻn besh kun ichida umumiy yigʻilish (konferensiya) muhokamasiga qayta taqdim etadilar. Umumiy yigʻilishda (konferensiyada) maʼqullanganidan keyin taraflarning vakillari jamoa shartnomasini uch kun ichida imzolaydilar. Jamoa shartnomasi imzolangan vaqtdan eʼtiboran yoki jamoa shartnomasida koʻrsatilgan kundan boshlab kuchga kiradi hamda taraflar belgilagan muddat davomida amal qiladi. Belgilangan muddat tugagach, jamoa shartnomasi taraflar yangi shartnoma tuzguncha yoki amaldagi shartnomani oʻzgartirguncha, toʻldirguncha amalda boʻladi. Korxona qayta tashkil etilganda shu qayta tashkil qilish davrida jamoa shartnomasi oʻz kuchini saqlab qoladi, shundan keyin taraflardan birortasining tashabbusi bilan qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Korxona tarkibi, tuzilishi, boshqaruv organining nomi oʻzgargan, korxona rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham jamoa shartnomasi oʻz kuchini saqlab qoladi. Korxona mol-mulkining egasi oʻzgarganda jamoa shartnomasi oʻz kuchini olti oy mobaynida saqlab qoladi. Bu davrda taraflar yangi jamoa shartnomasini tuzish yoki amaldagisini saqlab qolish, oʻzgartirish va toʻldirish haqida muzokaralar boshlashga haqli. Jamoa shartnomasi qayta koʻrib chiqilayotganida avvalgi jamoa shartnomasida xodimlar uchun nazarda tutilgan imtiyozlarni saqlab qolish va boshqa shartlarni bajarish mumkinligi toʻgʻrisidagi masala hal etilishi kerak. Korxona qonun hujjatlarida belgilangan tartib va shartlar asosida tugatilayotganda jamoa shartnomasi butun tugatish ishlari olib borilayotgan muddat davomida oʻz kuchini saqlab qoladi.

Jamoa shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishini taraflarning vakillari, mehnat jamoasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining tegishli organlari tekshirib boradilar. Jamoa shartnomasini imzolagan shaxslar har yili yoki shartnomaning oʻzida maxsus koʻrsatilgan muddatlarda majburiyatlarning bajarilishi haqida mehnat jamoasining umumiy majlisida (konferensiyasida) hisobot berib turadilar. Tekshirish olib borish vaqtida taraflar oʻzlaridagi zarur boʻlgan barcha maʼlumotlarni taqdim etishlari shart. Kasaba uyushmasi, xodimlarning boshqa vakillik organi talabiga koʻra mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs jamoa shartnomasi majburiyatlari buzilishida yoki bajarilmasligida aybdor boʻlgan rahbarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni koʻrishi shart. Xodimlar vakillik organlari mansabdor shaxslarining jamoa shartnomasi shartlarini bajarmaganligi uchun huquqiy javobgarligi nazarda tutilmagan va ular ushbu masalalar oʻzlarining xizmat vazifalari jumlasiga kirganlaridagina huquqiy javobgar qilinishlari mumkin va boshqa hollarda ularning javobgarligi maʼnaviy-axloqiy, jamoat javobgarligidan iboratdir.

 

Bekobod shaxar Adliya boʻlimi yuridik

xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi                              N.Tursunov