Янгиликлар
Huquqshunosga savol: Xorijiy davlat xududida ish yuzasidan boʻlib turgan fuqaro qoʻlida boʻlgan hujjatga yoxud dalolatnomaga bosilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini konsullik tomonidan tasdiqlash vakolati mavjudmi?
Huquqshunosga savol: Xorijiy davlat xududida ish yuzasidan boʻlib turgan fuqaro qoʻlida boʻlgan hujjatga yoxud dalolatnomaga bosilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini konsullik tomonidan tasdiqlash vakolati mavjudmi?
javob:
Chet davlat hujjatlari va dalolatnomalarini konsullik tomonidan legallashtirish hujjatlardagi hamda dalolatnomalardagi imzolarning haqiqiyligini, hujjatni yoki dalolatnomani imzolagan shaxsning vakolatlarini, legallashtirishga taqdim etilgan hujjatga yoxud dalolatnomaga bosilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini hamda bu hujjatlar va dalolatnomalarning konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligiga muvofiqligini aniqlash va shahodatlashdan iboratdir. Konsullik tomonidan hujjatlar va dalolatnomalarning legallashtirilishi ularning xalqaro munosabatlardagi qonuniyligini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi muassasalari va tashkilotlari chet davlatning muassasalari hamda tashkilotlaridan joʻnatiladigan hujjatlar va dalolatnomalarni ular konsullik tomonidan legallashtirilgan taqdirdagina, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki Oʻzbekiston Respublikasi hamda muassasalari va tashkilotlaridan mazkur hujjatlar va dalolatnomalar joʻnatiladigan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, koʻrib chiqish uchun qabul qiladi.
Konsullikning mansabdor shaxsi konsullik okrugidagi hokimiyat organlari vakillari ishtirokida tuzilgan yoki ushbu hokimiyat organlaridan joʻnatiladigan hujjatlar va dalolatnomalarni legallashtiradi.
Konsullikning mansabdor shaxsi chet elning rasmiy hujjatini legallashtirishni amalga oshirishi uchun mazkur hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilidagi yoki boshqa tillardagi notarial tartibda tasdiqlangan tarjimasini taqdim etishni talab qilishga haqli.
Quyidagi hujjatlar va dalolatnomalar konsullik tomonidan legallashtirilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid boʻlgan hujjatlar va dalolatnomalar;
oʻz mazmuniga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan hujjatlar va dalolatnomalar;
notoʻgʻri rasmiylashtirilgan hujjatlar va dalolatnomalar;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotlar mavjud boʻlgan hujjatlar va dalolatnomalar.
Agar hujjatga yoki ushbu hujjatga biriktirilgan varaqqa apostil qoʻyilgan boʻlsa, bu hujjatni legallashtirish talab etilmaydi.
Konsullikning mansabdor shaxsi apostil qoʻyilgan hujjatlarni, agar apostil Oʻzbekiston Respublikasi bilan munosabatlarda chet elning rasmiy hujjatlarini legallashtirishga doir talabni rad etadigan Konvensiya qoʻllaniladigan chet davlatning vakolatli organi tomonidan qoʻyilgan boʻlsa, qabul qilishi shart.
Bekobod shaxar Adliya boʻlimi yuridik
xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi N.Tursunov