Янгиликлар
Huquqshunosga savol: Jinoyat kodeksida Bangixona tashkil etish tushunchasi mavjud, shu boʻyicha malumot bersangiz.
Huquqshunosga savol: Jinoyat kodeksida Bangixona tashkil etish tushunchasi mavjud, shu boʻyicha malumot bersangiz.
Javob: Bangixonani tashkil qilish deganda, (JK 273-moddasining toʻrtinchi qismi), uni tuzishga qasddan qaratilgan harakatlar, masalan, turar-joy yoki noturar-joy qidirish, sotib olish yoki ijaraga olish, uni taʼmirlash, har xil uskunalar bilan jihozlash ishlarini moliyalash va keyinchalik bir necha shaxs tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni isteʼmol qilish yoki tarqatish uchun foydalanish maqsadida sodir etilgan shunga oʻxshash harakatlar tushunilishi lozim. Bangixonani tashkil etish jinoyati uni tuzishga qaratilgan har qanday harakat sodir etilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Bangixona saqlash deganda, uning ishlab turishiga qaratilgan, yaʼni giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilish uchun ajratilgan va (yoki) moslashtirilgan joydan maqsadli foydalanish, binodan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash boʻyicha qasddan sodir etilgan harakatlar (ijara haqini toʻlash, mijozlar qatnovini tartibga solish, qoʻriqlashni taʼminlash va h.k.) tushunilishi lozim. Qonun mazmuniga koʻra, bangixona saqlash jinoyati faqat bunday joydan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni isteʼmol qilish yoki tarqatish uchun haqiqatda foydalanilgan boʻlsagina, tugallangan hisoblanadi. Bunda aybdor gʻaraz yoki boshqa maqsadni koʻzlaganligi ahamiyat kasb etmaydi.
Agar bangixona tashkilotchisi yoki saqlovchisi ayni paytda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazgan yoki boshqa shaxslarni ularni isteʼmol qilishga jalb qilgan boʻlsa, uning harakatlari, bunga asoslar mavjud boʻlganda, JK 273-moddasining tegishli qismi va JK 274-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Bekobod shaxar Adliya boʻlimi yuridik
xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi N.Tursunov