Янгиликлар
Prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish borasidagi faoliyati samaradorligi oshirildi.
Prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish borasidagi faoliyati samaradorligi oshirildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, bu fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga sud ishlarini yuritishda taraflarning tortishuvi prinsipini, davlat manfaatlari samarali himoya qilinishini taʼminlash sudlar tomonidan fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlarni koʻrishda prokurorning ishtirokiga, shuningdek ishlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilishga taalluqli protsessual normalar yanada aniqlashtirilishi maqsadida, joriy yilning 30-sentyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni koʻrishda prokurorning vakolatlarini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bogʻliq ishlarda ishtirok etish huquqini, shuningdek davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksiga prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bogʻliq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona toʻlovlarini undirish bilan bogʻliq ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi.
Bundan tashqari, Fuqarolik protsessual kodeksida, Iqtisodiy protsessual kodeksida va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksida prokurorning sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida prokuror tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan, qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlar boʻyicha kassatsiya protesti, taftish tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli sudlardan ishlarni talab qilib olishga boʻlgan huquqi belgilanmoqda, shuningdek mazkur toifadagi ishlarni koʻrish yakunlari boʻyicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish tartibi aniqlashtirildi.
Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova