Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Yuridik shaxsni tugatish tartibi qanday.


Yuridik shaxsni tugatish tartibi qanday.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 55-moddasiga asosan tugatuvchi yuridik shaxsning tugatilishi haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon beradi. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektini ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi e’lon ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi e’londa uning kreditorlari talablarini bildirish tartibi va muddatlari ko‘rsatiladi. Bu muddat tugatish to‘g‘risidagi e’lon chiqqan paytdan e’tiboran ikki oydan kam bo‘lmasligi kerak.

Tugatuvchi kreditorlarni aniqlash va debitorlik qarzini olish choralarini ko‘radi, shuningdek kreditorlarni yuridik shaxs tugatilishi haqida yozma ravishda xabardor qiladi.

Kreditorlar tomonidan talablarni qo‘yish uchun belgilangan muddat tamom bo‘lganidan keyin tugatuvchi oraliq tugatish balansini tuzadi, bu balans tugatilayotgan yuridik shaxs mol-mulkining tarkibi, kreditorlar qo‘ygan talablar ro‘yxati, shuningdek ularni qarab chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Oraliq tugatish balansi yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tomonidan tasdiqlanadi. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, oraliq tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Agar tugatilayotgan yuridik shaxs (muassasalardan tashqari) ixtiyoridagi pul mablag‘lari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, tugatuvchi yuridik shaxsning mol-mulkini kimoshdi savdosi orqali sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotadi.

Tugatilayotgan yuridik shaxs kreditorlariga pul summalarini to‘lash tugatuvchi tomonidan ushbu Kodeksning 56-moddasida belgilab qo‘yilgan navbat tartibida, oraliq tugatish balansiga muvofiq, u tasdiqlangan kundan boshlab amalga oshiriladi.

Kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugaganidan keyin tugatuvchi tugatish balansini tuzadi, uni yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tasdiqlaydi. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Tugatilayotgan davlat korxonasining mol-mulki, tugatilayotgan muassasaning esa — pul mablag‘lari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, kreditorlar o‘z talablarining qolgan qismini ushbu korxona yoki muassasa mulkdori hisobidan qondirish to‘g‘risida sudga da’vo bilan murojaat qilish huquqiga egadirlar.

Yuridik shaxsning kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki uning shu mol-mulkka ashyoviy huquqlarga yoki ushbu yuridik shaxsga nisbatan majburiy huquqlarga ega bo‘lgan muassislariga (ishtirokchilariga), agar qonunchilikda o‘zgacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, topshiriladi.

Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatish, shuningdek ularni muassislari yo‘qligida tugatish taomili va xususiyatlari qonunchilik bilan tartibga solinadi.

Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qo‘yilganidan so‘ng yuridik shaxsni tugatish tamomlangan, yuridik shaxsning faoliyati esa tugagan hisoblanadi.

Olmaliq Shahar YuXKM

Bosh yuriskonsulti                                                              K.F.Nodirova