Янгиликлар
Yakka tartibdagi mehnat nizosini mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqish uchun tayyorlash qay tartibda amalga oshiriladi?
Yakka tartibdagi mehnat nizosini mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqish uchun tayyorlash qay tartibda amalga oshiriladi?
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya majlis o‘tkazilguniga qadar:
yakka tartibdagi mehnat nizosini to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan holatlarni aniqlaydi (isbotlash predmetini aniqlaydi);
nizoni hal qilishda tayanish kerak bo‘lgan qonunlar va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar doirasini aniqlaydi;
nizoni ko‘rib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning tarkibini aniqlashtiradi;
har bir taraf o‘z talablarini asoslash uchun taqdim etishi kerak bo‘lgan dalillar ro‘yxatini belgilaydi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini xodim ariza bergan kundan e’tiboran o‘n kalendar kun ichida ko‘rib chiqishi shart.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalarda ko‘riladigan yakka tartibdagi mehnat nizolari, zarur hollarda, xodimning ishdan tashqari vaqtida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Mehnat nizosi ariza bergan xodim yoki uning vakili ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Xodim yoki uning vakili yo‘qligida mehnat nizosini ko‘rib chiqishga faqat xodimning yozma arizasi asosida yo‘l qo‘yiladi. Xodim yoxud uning vakili mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning majlisida hozir bo‘lmagan taqdirda, mehnat nizosini ko‘rib chiqish keyinga qoldiriladi. Xodim yoki uning vakili uzrli sabablarsiz ikkinchi marta majlisda hozir bo‘lmagan taqdirda, komissiya masalani ko‘rib chiqishdan olib tashlash to‘g‘risida qaror chiqarishi mumkin, bu esa xodimni mehnat kodeksida belgilangan muddat doirasida mehnat nizosini ko‘rib chiqish haqida takroran ariza berish huquqidan mahrum etmaydi. Komissiyaning arizani ko‘rib chiqishdan olib tashlash to‘g‘risidagi qarori arizani ko‘rib chiqishdan olib tashlash sababi albatta ko‘rsatilgan holda xodimga yozma shaklda yetkaziladi.
Xodim mehnat nizosini mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida ushbu nizoni tugatishga haqlidir.
O‘n besh yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan xodimlarning yakka tartibdagi mehnat nizolari ota-onasidan birining yoki vasiysining ishtirokida mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqiladi.
Xodim, kasaba uyushmasi qo‘mitasi mehnat nizosini ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun advokatni, ekspertni yoki boshqa uchinchi shaxsni taklif etish huquqiga ega.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya o‘z majlisiga guvohlarni chaqirish, mutaxassislarni taklif etish huquqiga ega.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning talabiga binoan ish beruvchi (uning vakillari) komissiyaga zarur bo‘lgan hujjatlarni komissiya tomonidan belgilangan muddatda taqdim etishi shart.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning majlisi, agar har bir tarafdan komissiya a’zolarining kamida yarmi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya majlisida ish beruvchining va kasaba uyushmasi qo‘mitasining teng miqdordagi vakillari ishtirok etishi kerak.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning vakolatga ega bo‘lmagan tarkibi tomonidan qabul qilingan qaror g‘ayriqonuniydir.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning har bir majlisida raisning vazifalari ish beruvchining va kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakillari tomonidan navbatma-navbat bajariladi. Bunda raisning va kotibning vazifalari ayni bir majlisning o‘zida bir taraf vakillari tomonidan bajarilishi mumkin emas.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning birinchi majlisida komissiya a’zolarining (xodimlar va ish beruvchilar vakillarining) kelishuviga ko‘ra ushbu majlisning raisi va kotibi belgilanadi. Komissiyaning keyingi majlislarida har bir keyingi majlis uchun rais va kotib tayinlanib, majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni chaqirish ularning zimmasiga yuklatiladi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning majlisini rais ochib, qaysi nizo ko‘rib chiqilishi lozimligini, komissiya tarkibini e’lon qiladi. Rais taraflarning hozir bo‘lgan-bo‘lmaganligini, vakillarning vakolatini tekshiradi, shundan so‘ng komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rilayotgan yakka tartibdagi mehnat nizosining taraflari:
dalillarni taqdim etishga;
dalillarni tekshirishda ishtirok etishga;
komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga, komissiya majlisiga taklif qilingan guvohlarga, mutaxassislarga va boshqa shaxslarga savollar berishga;
iltimosnoma berishga;
komissiyaga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish;
komissiya majlisida ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning iltimosnomalariga va vajlariga qarshi e’tiroz bildirishga;
komissiyaning qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilishga;
komissiya majlisida audio va video uskunalardan foydalanishga haqli.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini mohiyatiga ko‘ra ko‘rib chiqar ekan, avval xodimning bildirilgan talablari xususidagi tushuntirishlarini eshitadi. Shundan so‘ng ish beruvchining vakili eshitiladi, taraflarning dalillari tekshiriladi, nizoni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun chaqirilgan (taklif etilgan) mutaxassislar, guvohlar va boshqa shaxslar eshitiladi.
Olmaliq shahar YUXKM boshlig’i M.M.Ashurova