Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Qaysi holatlar jazoni yengillashtiruvchi va og’irlashtiruvchi holatlar hisoblanadi.


Qaysi holatlar jazoni yengillashtiruvchi va og’irlashtiruvchi holatlar hisoblanadi.

Quyidagi holatlar jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topiladi:

a) aybni bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilish, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish yoki jinoyatni ochish uchun faol yordam berish;

b) yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilish;

v) og‘ir shaxsiy, oilaviy sharoitlar oqibatida yoki boshqa mushkul ahvolda jinoyat sodir etish;

g) majburlash yoki moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoxud boshqa jihatdan qaramlik sababli jinoyat sodir etish;

d) jabrlanuvchining zo‘rlik, og‘ir haqorat yoki boshqacha g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida jinoyat sodir etish;

e) zaruriy mudofaaning, oxirgi zaruratning asosli chegarasidan chetga chiqib jinoyat sodir etish, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlashda, kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan asosli tavakkalchilikda zarar yetkazish;

j) voyaga yetmaganning jinoyat sodir etishi;

z) homilador ayolning jinoyat sodir etishi;

i) jabrlanuvchining g‘ayriqonuniy yoki axloqqa zid xulq-atvori ta’siri ostida jinoyat sodir etish.

Jazo tayinlashda sud ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa holatlarni ham yengillashtiruvchi holat deb topishi mumkin.

Yengillashtiruvchi holat jinoyat Kodeks Maxsus qismining moddasida jinoyat tarkibining zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan bo‘lsa, jazo tayinlashda hisobga olinmaydi.

Quyidagi holatlarda jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb topiladi:

a) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;

b) yosh bola, qariya yoki ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan;

v) xizmat vazifasi yoki fuqarolik burchini bajarganligi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan;

g) aybdorga moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaram shaxsga nisbatan;

d) o‘ta shafqatsizlik bilan;

e) ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lgan usulda;

j) yosh bola yoki ruhiy holatining buzilganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsdan foydalangan holda;

z) jinoyat natijasida og‘ir oqibatlarning kelib chiqqanligi;

i) umumiy ofat sharoitidan foydalangan holda yoki favqulodda holat vaqtida yoxud ommaviy tartibsizliklar jarayonida;

k) g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda;

l) irqiy yoki milliy dushmanlik yoxud adovat zamirida;

m) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda yoki uyushgan guruh yoxud jinoiy uyushma tomonidan;

n) ilgari ham qasddan jinoyat sodir etgan shaxsning takroran yoki qasddan yangi jinoyat sodir etishi;

o) mastlik holatida yoki giyovandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida jinoyat sodir etish.

Sud sodir etilgan jinoyatning xususiyatini e’tiborga olib, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlarni og‘irlashtiruvchi holat deb topmasligi ham mumkin.

Sud jazo tayinlashda ushbu moddada nazarda tutilmagan holatlarni og‘irlashtiruvchi holat deb topishi mumkin emas.

 

 

Olmaliq shahar YUXKM boshlig’i          M.M.Ashurova