Янгиликлар
Ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish chog‘idagi kafolatlar belgilanmoqda
Ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish chog‘idagi kafolatlar belgilanmoqda
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 98-moddasida xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish chog‘idagi kafolatlar belgilanmoqda. Ushbu moddaga ko’ra, ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish mezonlari texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilot xodimlarining soni yoki shtati o‘zgarganligi sababli yoki tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilganligi munosabati bilan o‘zi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi nazarda tutilayotgan xodimlar sonining ko‘rsatkichlaridan iboratdir.
Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish mezonlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
a) xodimlarining soni yigirma nafar va undan ortiq bo‘lgan har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi tashkilotni (uning alohida bo‘linmasini) tugatish;
b) xodimlar sonining (shtatining) quyidagi miqdorda:
o‘ttiz kalendar kun ichida ellik nafar va undan ortiq xodimning;
oltmish kalendar kun ichida ikki yuz nafar va undan ortiq xodimning;
to‘qson kalendar kun ichida besh yuz nafar va undan ortiq xodimning qisqarishi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qarorlarni ushbu kechiktirish keltirib chiqargan yo‘qotishlarni ish beruvchiga bir vaqtning o‘zida qisman yoki to‘liq kompensatsiya qilish orqali olti oy muddatgacha to‘xtatib turishi mumkin.
Ish beruvchi xodimlarni kelgusida ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi axborotni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda mehnat organining hamda hududiy yoki tarmoq kasaba uyushmalari birlashmalarining e’tiboriga yetkazishi shart. Mehnat organlari mazkur axborotni olgach, ishdan bo‘shatilayotgan xodimlarni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ishga joylashtirish choralarini ko‘rishi shart.
Qibray tumani Adliya bo’limi yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Aliyev