Янгиликлар
Shoshilinch tibbiy yordam tartibini bilasizmi?
Shoshilinch tibbiy yordam tartibini bilasizmi?
Oxirgi yillar davomida global miqyosda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari hamda turli epidemik vaziyatlar yurtimiz aholisi orasida tez tibbiy yordam xizmatiga bo‘lgan ehtiyoj va munosabatni sezilarli darajada o‘zgartirdi. Oldinlari faqat favqulodda va juda zarur holatlardagina chaqiriladigan tez tibbiy yordam hozirgi kunda oddiy vaziyatlar uchun ham chaqirilayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Albatta, bu o‘rinda, shoshilinch tibbiy yordam tartibiga huquqiy jihatdan izoh berish zarurati yuzaga keladi.
Fuqarolarning sog‘lig‘i uchun birlamchi tibbiy-sanitariya xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan muassasa bu – oilaviy poliklinikalar hisoblanadi. Agar bemor o‘zini yomon his qilgani tufayli mustaqil ravishda oilaviy poliklinikaga bora olmasa, shifokor chaqirishi mumkin. Bemor tomonidan ro‘yxatga olish kitobi orqali ariza qoldirilganda poliklinika ambulator qabul qilish va bemorni uyiga borib ko‘rishga majbur. Uyga shifokor chaqirish bo‘yicha ariza qoldirish uchun oilaviy poliklinakaga telefon qilib, bemorning holati va manzili haqida xabar beriladi. Oilaviy poliklinaka shifokorini chaqirish bepul amalga oshiriladi. Xususiy tibbiy muassasa shifokorini chaqirish uchun to‘lov olinishi mumkin.
Shifokorni chaqirish shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lganda amalga oshiriladi. Ushbu xizmatdan bir kunda 24 soat (ya’ni, tunu kun) foydalanish mumkin. Shifokorni shoshilinch ravishda chaqirish uchun bemor yoki uning yonida bo‘lgan shaxs yagona qisqa “103” raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi yoki voqea haqida boshqacha tarzda xabar berishi zarur. Qo‘ng‘iroq mutlaqo bepuldir.
Bemorning ahvoli, hudud sharoiti hamda tez tibbiy yordam brigadasining ish yuklamasidan kelib chiqib shoshilinch tibbiy yordam davlat xizmati shifokoriga bemor oldiga kelishi uchun 20 dan 40 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
Tez tibbiy yordam xizmatini qasddan aldab chaqirganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Qibray tumani Adliya bo’limi yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti A.To’qsonov