Янгиликлар
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ta’tillar tartibi o‘zgardi
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ta’tillar tartibi o‘zgardi
Barchamizga ma’lumki, joriy yilning 30-aprel sanasidan yangi tahrirdagi mehnat kodeksi kuchga kirdi hamda mehnat munosabatlari ushbu kodeks orqali tartibga solina boshlandi. Mazkur kodeks xodimlarga ko‘pgina yangi kafolatlar taqdim etdi yoxud avvalgi kafolatlarni mustahkamladi. Xodimning yillik mehnat ta’tili olishidagi huquqlari ham xuddi shunday kafolatlar sirasiga kiradi. Xususan xodimlarning yillik mehnat ta’tili olishidagi bir qancha tartiblar o‘zgardi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 217-moddasiga ko‘ra har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kunni tashkil etadi(taqqoslash uchun: kodeksning eski tahrirda ushbu kafolat 15 ish kunini tashkil etardi).
Bundan tashqari, Kodeksning 218-moddasida har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tillar, 219-moddasida esa har yilgi qo‘shimcha ta’tillarning aniq miqdori hamda tartibi belgilab berildi. Kodeksning 220-moddasi bilan esa bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun beriladigan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tillari tushunchasi mustahkamlangan. Mazkur moddaga ko‘ra xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun davomiyligi ikki kalendar kun bo‘lgan, biroq jami sakkiz kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi. Xususan ushbu modda birinchi qismining qoidalari qonunchilikda o‘ziga ish staji uchun har yilgi uzoqroq qo‘shimcha mehnat ta’tillari berilishi nazarda tutilgan ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, Kodeksning 401-moddasida o‘n ikki yoshga to‘lmagan bolalarning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til berilishi nazarda tutilgan. Mazkur moddaga ko‘ra o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida to‘rt kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Shuningdek, Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ta’til yillik mehnat ta’tiliga qo‘shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda ushbu ta’tildan alohida (to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib), lekin faqat tegishli ish yili davomida foydalanilishi mumkin. Ushbu ta’tilni keyingi ish yiliga ko‘chirishga yoki uni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qibray tumani Adliya bo’limi yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti A.To‘qsonov